2022 yil 18 fevral kuni Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa tarzida o‘tgan majlisni Senat Raisi T.Narbayeva olib bordi.

Majlisda barqaror rivojlanish maqsadlarining 11.2-vazifasi doirasida 2030 yilgacha yo‘l harakati xavfsizligini oshirish asosida barchaga xavfsiz, arzon, qulay va ekologik barqaror transport vositalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati ko‘rib chiqildi.

Xususan, atrof muhit ifloslanishini kamaytirish hamda ekologik barqaror transport vositalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda elektromobillarni olib kirganlik uchun aksiz solig‘i bekor qilindi va bojxona bojining nol stavkasi o‘rnatildi. Natijada, so‘nggi to‘rt yilda jami 1 594 ta elektromobil import qilinib, ularning qariyb 90 foizi (1 411 tasi) 2021 yilning o‘zida olib kirilgan.

Aholining erkin va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida Toshkent metropoliteni tarmog‘i kengaytirilib, Yunusobod yo‘nalishida 2 ta, Qo‘yliq yo‘nalishida 7 ta, Sergeli yo‘lanilishida 5 ta yangi bekat qurilib, foydalanishga topshirilgan.

Yo‘l harakatini nazorat qilish maqsadida respublika bo‘yicha avtomobil yo‘llariga jami 1 584 ta kamera, jumladan 1 154 ta kuzatuv va 430 ta yo‘l harakati qoidalari buzilganini aniqlash kameralari o‘rnatilgan.

Majlisda olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda sohada kuzatilayotgan tizimli muammolar ham muhokama qilindi.

Hududlarni jamoat transporti vositalari (avtobus) bilan ta’minlash juda sust tashkil etilayotganligi, transport vositalari va yo‘l infratuzilmasining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilmay qolayotganligi, avtotransport vositalariga noqonuniy ravishda siqilgan tabiiy gaz ballonlarini o‘rnatish va ularning o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaslik holatlari, shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining soni yildan yilga ortib borayotganligi tanqid qilindi.

2021 yilda 10 001 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, 2020 yilga nisbatan 43 foizga, bunday hodisa oqibatida jarohat olganlar ulishi 40 foizga, shuningdek vafot etganlar soni esa 24 foizga ortgan.

Hududning transport, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sharoitlarini sezilarli darajada yaxshilanishiga olib keluvchi aholining velosipeddan kundalik transport vositasi sifatida keng foydalanishini targ‘ib qilish ishlariga e’tibor qaratilmayotganligi, velosipedlar uchun maxsus yo‘laklarni qurish ishlari esa o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi, 2018-2021 yillar davomida birgina Toshkent shaharining 12 ta ko‘chasida bor yo‘g‘i 77 km uzunlikdagi velosiped yo‘laklari barpo etilganligi Parlament komissiyasi a’zolari muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Yig‘ilish davomida transport vaziri I.Maxkamov, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari B.Abdullayevning hisobotlari eshitilib, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan sohadagi mavjud muammolar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Majlisda Parlament komissiyasi a’zolari tomonidan shahar markazida tirbandliklarni kamaytirish maqsadida markazga shaxsiy avtomashinada boradigan insonlar uchun avtomobillarni jamoat transporti bekatlarida joylashgan bepul yoki chegirmali avtoturargohlarda qoldirib, yo‘lning qolgan qismini jamoat transportida davom ettirish (Park and Ride) tizimini rivojlantirish zarurligi taklifi berildi.

Shuningdek, hududlarda jamoat transportini rivojlantirish konsepsiyasi, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining kam harakatli guruhining ijtimoiy ob’ektlar, transport va muhandislik infratuzilmalaridan erkin foydalanish kafolatlarini ta’minlovchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish yakunida Parlament komissiyasi a’zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olib, Parlament komissiyasining tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati