Joriy yil 20-21 iyun kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar energetika vazirlarining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda a’zo davlatlar energetika vazirlari «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning energetika sohasidagi hamkorligini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi» loyihasini ko‘rib chiqib, SHHTning navbatdagi sammitiga kiritishga kelishib oldilar.

Hujjat 2030 yilga qadar SHHTga a’zo davlatlar energetika sohasidagi hamkorligining asosiy yo‘nalishlarini nazarda tutadi. Jumladan, energiya resurslarining tranzit salohiyatini rivojlantirish istiqbollarini va eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini belgilash; sanoatni rivojlantirish ustuvorliklari balansini yaratish bilan yangi energiya tizimini shakllantirish; an’anaviy energiya manbalarini modernizatsiya qilish, sanoatni tizimli takomillashtirish; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida innovatsion texnologiyalar va ilm-fanni rivojlantirish, vodorod energetikasini rivojlantirish; energiya tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasida yangi yechimlarni joriy etish kabi muhim ishlar amalga oshiriladi.

Energetika vazirlari, shuningdek, SHHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar, muloqot bo‘yicha hamkor mamlakatlarning energetika sektori barqarorligi va rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan yangi yondashuvlarni hamda aniq yechimlarni ishlab chiqishga ko‘maklashuvchi energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga strategik yondashuvlarni muhokama qildilar.

Vazirlar global va mintaqaviy energetika kun tartibining bugungi holati hamda rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Energetika sanoatini rivojlantirish, xususan, ushbu sohadagi loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun investitsiya hamda moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Ma’lumot uchun: Shanxay hamkorlik tashkiloti mintaqaviy tashkilot bo‘lib, a’zo davlatlar o‘rtasida muloqot va hamkorlik platformasini ta’minlaydi. Bugungi kunda SHHTga a’zo mamlakatlar hissasiga dunyo yalpi ichki mahsulotining qariyb uchdan bir qismi, Yevroosiyo hududining 60 foizi va sayyoramiz aholisining 42 foizi to‘g‘ri keladi.

SHHTga a’zo davlatlar hamkorligi doirasida energetika sektori nihoyatda muhim. Chunki u o‘zaro hamkorlikning barcha tarmoqlari, xususan, iqtisodiy sohani rivojlantirishga xizmat qiladi. SHHT energiya resurslarning yirik ishlab chiqaruvchilarini, tranzit mamlakatlar va iste’molchilarni birlashtiradi.

O‘zA