Jizzax viloyatining Zomin tumanida 27 iyun kuni II Xalqaro maqom san’ati anjumanining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu anjuman davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va birinchi festival 2018 yil Shahrisabzda o‘tkazilgan edi. Keyinchalik pandemiya tufayli kechiktirilgan san’at qurultoyi bu yil yangicha ruh va shukuh bilan qaytdi.

Milliy maqom san’ati xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismiga aylangan. U o‘zining uzoq tarixi, teran falsafiy ildizlari, boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda o‘ziga xos o‘ringa ega.

Shu jihatdan ham bu anjumanni nafaqat mamlakatimiz va xalqaro maydondagi san’at ahli, balki xalqimiz ham katta qiziqish bilan o‘tkazadi.

Ushbu san’at bayrami munosabati bilan qator madaniy tadbirlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkaziladi. Xususan, Zominsoy majmuasi hududida mamlakatimizning o‘n to‘rt hududiga xos aholi turmush tarzi, an’ana va urf-odatlarini ifoda etuvchi etnografik shaharcha-pavilonlar barpo etildi. Ularda madaniyat va san’atni namoyish etuvchi buyumlar ham namoyish etildi.

Kichik sahnalarda teatrlashtirilgan tomoshalar, folklor jamoalarning chiqishlari havola etilmoqda. Ishtirokchilar maqom san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, hunarmandchilik buyumlari, qadimiy so‘zana va liboslar, gilamlar, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari bilan tanishdi.

Hududlarning qadimiy me’moriy yodgorliklari maketlari, tabiat ne’matlari – meva-chevalar ko‘rgazmasi, samimiy suhbatlar mehmonlarni hayratga soladi.

Kech tusha boshladi. Anjuman munosabati bilan bezatilgan Zominsoy majmuasidagi amfiteatr ertaknamo qiyofaga kirmoqda. Navbatdagi Xalqaro maqom san’ati anjumanining tantanali ochilish marosimiga chorlov musiqasi yangraydi. Sahnaga bayramda ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari taklif etiladi.

Tantanali ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, maqom san’atining tarixi va ahamiyatini e’tirof etdi.

– Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlarimizning ramzi bo‘lgan maqom san’ati teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi. Maqom – umumbashariy tuyg‘ularni avj pardalarda tarannum etadigan nodir san’at turi sifatida ham biz uchun g‘oyat qadrlidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maqom san’ati musulmon Sharqidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida jadal rivojlanib, yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan. Abu Nasr Forobiy o‘zining “Katta musiqa kitobi”da kuylarning nazariy va amaliy mezonlarini ud sozi orqali mukammal tartibga keltirgan. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimiz noyob musiqiy asarlar yaratib, maqom rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.

XX asrda bu an’analarni Abdurauf Fitrat, Yunus Rajabiy kabi san’atshunos olimlar, Hojixon Boltayev, Komiljon Otaniyozov, Turg‘un Alimatov, Fattohxon Mamadaliyev va boshqa hofizlar munosib davom ettirgan.

Davlatimiz rahbari maqom san’atini asrab-avaylashda atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning katta hissasi borligini ta’kidladi. O‘sha og‘ir davrlarda Toshkent davlat konservatoriyasida maqom san’atini ilmiy o‘rganishga va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga asos solingan. Maqom ansambli tashkil etilgan. O‘lmas “Shashmaqom” durdonalari notaga olinib, 6 jilddan iborat mukammal kitob nashr qilingan.

Mumtoz musiqa san’atining gultoji bo‘lgan betakror maqomlarimiz YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Prezidentimiz e’tibori bilan ushbu san’at ravnaqi yangi bosqichga chiqdi. Bugungi kunda maqom butun mamlakatimiz bo‘ylab, boshlang‘ich ta’limdan tortib, akademik fan darajasigacha bo‘lgan bosqichlarda uzluksiz tarzda o‘rganilmoqda. Toshkent shahrida Maqom markazi qurilmoqda. Bu yo‘nalishda sermahsul ijod qilayotgan bastakor, xonanda va sozandalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida milliy tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.

Davlatimiz rahbari hayotini ana shunday sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan san’atkorlarga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

– Ezgulik va gumanizm bayrog‘i ostida birlashgan, san’atni butun borlig‘i bilan sevadigan barcha ijod ahli uchun ushbu festival, hech shubhasiz, katta bayramdir. Maqomlar jahon musiqa ixlosmandlari ruhining tuganmas kuch-quvvat va ilhom manbai bo‘lsin, – dedi Prezident.

Marosimda YUNESKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi prezidenti Simona Mikulesku, AYSESKO Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik ham so‘zga chiqib, ishtirokchilar va mehmonlarni qutladi.

Shuningdek, anjumanda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti Aktoti Raimkulova, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Seytimov, Turkiya Prezidentining bosh maslahatchisi Yalchin Topchu, Qozog‘iston Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbayev, Tojikiston Prezidentining ijtimoiy rivojlanish, madaniyat va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Abdullo Rahmonzoda, Qirg‘iziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Oltinbek Maksutov, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Gabil o‘g‘li Karimli qatnashdi. Umuman, festivalda Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika qit’alarining 80 dan ortiq mamlakatidan qariyb 400 nafar mehmonlar ishtirok etmoqda.

Tantanali tadbir mumtoz kuy-qo‘shiqlardan tuzilgan konsert bilan davom etdi.

Tadbirda, shuningdek, xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi elchilari va vakillari, taniqli madaniyat arboblari, mashhur ijodiy guruhlar, iste’dod sohiblari, festivalni keng yoritish maqsadida yurtimizga kelgan ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizdagi barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar madaniyat sohalarida ham izchil davom etmoqda. Bu anjuman esa turli xalq va millatlar o‘rtasida o‘ziga xos madaniy muloqot maydoniga aylanayotgani ta’kidlandi.

30 iyunga qadar davom etadigan anjumanda ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha o‘zaro bahslashadi. Yakunda xalqaro hay’at a’zolari «Eng yaxshi maqom ansambli», «Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi» va «Eng yaxshi yakkaxon xonanda» yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblarni e’lon qiladi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblari tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, statuetka va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, anjuman doirasida «Maqom san’atining nazariy va amaliy asoslari: muammo va yechimlar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi, maqom san’ati ustalari ishtirokidagi badiiy chiqishlar, davra suhbatlari bo‘lib o‘tadi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Abdujalol QAYUMOV,

O‘zA muxbirlari