Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, yirik sanoat ob’ektlari bilan tanishdi, yangi loyihalarga start berdi.

Jizzax viloyatidagi “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasida ilk elektromobillar ishlab chiqarila boshlandi. Davlatimiz rahbari dastlab ushbu innovatsion zavodni kelib ko‘rdi.

Bu mamlakatimiz avtosanoatida yangi bosqich, ulkan tarixiy voqea. Mazkur zavod shu yil yanvarda davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi chog‘ida faoliyat boshlagan edi. Bu qiymati 160 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, yiliga 50 ming dona elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Buning uchun qo‘shma korxona zamonaviy sanoat infratuzilmasi bilan ta’minlandi. Qariyb 2 kilometr temir yo‘l tortildi. Ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlash uchun butlovchi qismlar ombori, 1 ming 200 ta konteyner sig‘imiga ega logistika markazi qurildi.

Zavodga Xitoydan robotlashtirilgan tizimlar va uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashtirilgan. Elektromobilning geometrik o‘lchamlarini yuqori aniqlikda tekshiruvchi laboratoriya tashkil qilingan.

Prezident ushbu imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi, xitoylik sheriklar bilan suhbatlashdi.

Hozirda bu yerda Chazor va Song Plus Champion modellari ishlab chiqarilmoqda. Shavkat Mirziyoyev konveyerdan chiqqan ilk elektromobilga imzo qo‘ydi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha axborot berildi.

Kelgusi yillarda zavodda modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati 300 million dollarlik ikkinchi bosqichda elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, 500 million dollarlik uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkazish ko‘zda tutilgan.

Rejalar ulkan, ish shunga yarasha jadal. Elektromobillar soni ortishi bilan mahalliylashtirish darajasi ham bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Eng avvalo, bamper, oyna, lak-buyoq, plastik qismlarni o‘zimizda tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik akkumulyator, elektr dvigatel, alyuminiy qismlar, shinalar, o‘rindiqlar ishlab chiqarishga o‘tiladi.

Mazkur yangi tarmoqda raqobatbardosh bo‘lish uchun innovatsiya va yetuk mutaxassislar kerak. Shu bois ta’lim va rivojlanishga qaratilgan “R&D markazi” tashkil etish, ilm va muhandislik yutuqlarini izchil qo‘llab borish zarurligi ta’kidlandi. Mahalliylashtirish loyihalari orqali mahsulot tannarxini tushirish choralari muhokama qilindi. Istiqboldagi maqsad – mintaqa bozorlariga chiqish.

Bugungi kunda korxonada 1 ming 200 kishi ishlaydi. O‘tgan yili 200 nafar xodim “Uzautomotors” zavodlarida malaka oshirgan. Bu yil yana 92 nafar mutaxassis Xitoyning Sian va Chansha shaharlarida sifat nazorati, texnologiya, ta’minot, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda malaka oshiradi. Barcha uch bosqich joriy etilgach, ish o‘rinlari 10 mingtaga yetadi.

Jizzax viloyatiga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “BYD” kompaniyasi prezidenti Van Chuanfuni qabul qildi.

Jizzaxda gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonaning muvaffaqiyatli faoliyati katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugun zavoddan birinchi elektromobil chiqdi.

Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 160 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi, 1,2 mingta ish o‘rni yaratildi. Korxonada payvandlash, bo‘yash va yig‘ish jarayonlarini o‘z ichiga olgan yuqori texnologik ishlab chiqarish tashkil etilgan.

Uchrashuvda Prezidentimiz yaqin istiqbolda modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 500 mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, mahsulot tannarxini kamaytirish hamda avtomobillarni Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga eksport qilish loyihalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kompaniyaning mamlakatimizda “yashil” transportni rivojlantirish loyihasida ishtirok etish rejalari ham qo‘llab-quvvatlandi. Bu qo‘shma innovatsion tadqiqot markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, elektr transporti uchun texnik reglament va standartlarni ishlab chiqish hamda “Blade” avlodiga mansub batareyalar va “BYD” elektrobuslarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida iqtisodiyot uchun g‘oyat zarur bo‘lgan korxonalar barpo etilmoqda. Bu yangi ish o‘rinlari ochilishi, sanoat tarmoqlari rivojlanishi, pirovardida, xalqimiz farovonligi oshishiga xizmat qilyapti.

Jumladan, Jizzax viloyatida so‘nggi besh yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,6 barobarga ko‘payib, o‘tgan yilning o‘zida 19 trillion so‘mni tashkil qilgan. Eksport hajmi 2,2 barobarga oshib, 202 million dollarga yetgan.

Xorijiy investitsiyalar miqdori ham yil sayin o‘sib bormoqda. 2018 yilda viloyatda bor-yo‘g‘i 18 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu raqam salkam 700 million dollarga yetgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 tani tashkil qilmoqda.

Bunda har bir tumanning o‘z o‘rni bor. Xususan, Zomin tumanida investitsiya dasturlari doirasida so‘nggi besh yilda 1,8 trillion so‘mlik 300 ga yaqin loyiha amalga oshirilgan va uch mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Qulay biznes muhiti tufayli tumandagi kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni 4 barobar ko‘paygan.

Zomin tumanining go‘zal tabiatiga asoslanib turizm sohasi uning “drayveri”ga aylantirilmoqda. Bunday xizmatlarni ko‘paytirish maqsadida yaqinda Zomin turistik zonasi tashkil etildi.

Bular bilan cheklanib qolmasdan, Zominda sanoatni rivojlantirishga kirishilgan. Chunki hudud buning uchun juda qulay. Tuman mamlakatimiz markaziy qismida joylashgan. Bu yerdan temir yo‘l o‘tgan. Yaqinda Zomin aeroporti kengaytirilib, rekonstruksiya qilindi.

Endi tumanda Xitoyning “Mingyuan” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Texnopark” maxsus sanoat zonasi barpo etilmoqda. Buning uchun 400 gektar yer maydoni ajratilgan. Uni infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanib, 160 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Bu boradagi amaliy ishlar avvalroq boshlangan bo‘lib, 30 dan ortiq loyihalar shakllantirilgan. Ularga xitoylik investorlar tomonidan 1,2 milliard dollar investitsiya yo‘naltiriladi.

Mazkur zonada tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi. Xususan, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi loyihalar amalga oshiriladi.

Natijada 5 mingdan ortiq ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, 4,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda 70 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi.

Texnopark hududida Xalqaro tajriba almashinuv injenerlik markazi tashkil etilib, sanoat korxonalari uchun shu yerning o‘zida malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ushbu hududda ofis markazi, turar joylar, ekobog‘, ko‘rgazmalar zali va savdo markazi barpo etiladi.

Marosimda davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, texnoparkdagi ilk investitsiya loyihalari qurilishini boshlab berdi.

Prezidentimiz ushbu zamonaviy loyihalarning amalga oshirilishida ishbilarmonlarga muvaffaqiyatlar tiladi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Abdujalol QAYUMOV,

O‘zA muxbirlari