Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumani hududida dunyoning sanoqli joylaridagina uchraydigan noyob mineral xomashyo koni mavjud. Qurilish, qishloq xo‘jaligi, chorvachilikda va boshqa sohalarda har xil maqsadlarda ishlatiladigan eksportbop mahsulot vermikulitdir.
Vermikulit asosan, issiqlikni va tovushni izolyatsiyalovchi hamda namlikni saqlovchi material sifatida mashhurdir. Mamlakatimizda mineral xomashyoning ushbu yangi turi barcha sanoat tarmoqlarida joriy etilib, milliy iqtisodiyot rivojida muhim o‘rin egallamoqda.
Vermikulit – gidroslyuda guruhidagi mineraldir. 4000 gradusda qizdirgan paytda u ko‘pchib, hajmi 10-25 marta kattalashadi va suv yuzasida suzadigan darajada yengillashadi.
Ko‘pchigan vermikulit issiq va sovuqni o‘tkazmaydigan xususiyati bor, shu bois qurilish materiali sifatida bozori chaqqon, qishloq xo‘jaligida esa tuproq namligini saqlashi bilan mashhur.
Taajjubki, u o‘z vazniga nisbatan 500 foizgacha suyuqlikni o‘zlashtira oladi. Past gigroskopikligi tufayli u atrof-muhitdan namlikni o‘zlashtirmaydi. 100 foiz namlikda uning namligi hatto 10 foizga ham yetmaydi. Biologik barqarorligi tufayli vermikulit amalda parchalanmaydi va chirimaydi. Patogen mikroorganizmlarning ta’siriga mukammal darajada qarshilik ko‘rsatadi va hasharotlar va kemiruvchilarning ko‘payishi uchun sharoit yaratmaydi. U ekologik toza va steril material bo‘lib, toksik ta’sirga ega emas va og‘ir metallarni o‘z ichiga olmaydi.
Vermikulit suvni tozalashda ham ishlatiladi. Undan ekologiyada oqar suvlarni neft va yog‘lardan tozalashda samarali foydalanilmoqda.
Vermikulit tuproqning suv va havo muvozanatini optimallashtiradi, quruq davrda suvni yaxshi saqlaydi va ildiz tizimining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois qishloq xo‘jaligida bu mineral xomashyo noyob sanaladi. U ozuqaviy moddalarni (kaliy, magniy, kalsiy) to‘playdi va asta-sekin o‘simliklarga beradi. Hozirda yurtimizda ko‘plab qurilayotgan gidroponik issiqxonalarda o‘simliklar aynan ko‘pchigan vermikulitga o‘tqaziladi. Shu bilan birga, o‘g‘itlarning hosildorligi va xavfsizligi oshmoqda.
Qurilishda, sanoatda asosan, energiya manbalarini tejash maqsadida foydalaniladi. Poydevorlarga, pollarga, devorlarga, tomlariga issiqlikni izolatsiyalovchi vermikulit ishlatiladi.
Uni ishlab chiqarish jarayoni juda oddiy: ruda qazib olinadi, zavodga tashlanadi, konsentratlarga aylantiriladi va paketlarga joylashtiriladi.
O‘zbekistondagi vermikulit koni Qorao‘zak tumani «Qoybaq» OFY hududida (Tebinbuloq koni) joylashgan bo‘lib, undan foydalangan holda 3 ta korxona tomonidan vermikulit mahsulotlari eksportga chiqarilmoqda.
2021 yilda jami 623 ming dollarlik vermikulit konsentrati 2 ta xorijiy davlatga eksportga chiqarildi. Asosiy xaridorlar Rossiya va Turkiya davlatlaridir.
Tebinbuloq vermikulit koni 1937 yilda aniqlangan. Uning zaxiralari 1 mln. tonnadan ziyod, deb baholangan.
Ye.Qanoatov, O‘zA