Saylovchilar ishonchini oqlashni maqsad qilgan Xalq deputatlari Xo‘jayli tuman Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi G‘ulomjon Matmuratov o‘zi saylangan hudud aholisining muammolarini bartaraf etishda tashabbus ko‘rsatib kelmoqda.

U Xo‘jayli tumani agroiqtisodiyot ko‘p tarmoqli texnikumi sport zalida tashkil etilgan taekvondo to‘garagiga sport matrasini olishda homiylik qildi. Bundan tashqari, deputat “Murtazabiy” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Gao‘har Babajanovaga o‘zini o‘zi band qilish maqsadida tikuv mashinasi sovg‘a qildi.

Aholi bilan yuzma-yuz muloqot jarayonida hududdagi elektr tayanch ustunlarini yangisiga almashtirish bo‘yicha murojaat qilingan edi. Ushbu murojaat bo‘yicha tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovnoma yuborilib, ijrosi nazoratga olinadigan bo‘ldi.

Bu safar deputat tumandagi “Murtazabiy” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Bosh vazirining tumandagi Xalq qabulxonalari rahbarlari, tuman kengashi deputatlari, mahalladagi hokim yordamchilari ishtirok etdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar, ayniqsa yettita ustuvor yo‘nalish va yuzta maqsaddan iborat bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasining barcha yo‘nalishida aholi farovonligi, inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi mujassam ekanligi qayd etildi. Shuningdek, hujjatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, sud-huquq, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, tashqi siyosat borasida qator yangi marralarni zabt etish ko‘zda tutilganligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarning aksariyati joyida hal qilingan bo‘lsa,  vaqt talab etadigan ayrim murojaatlarni tegishli tashkilotlar bilan qonun doirasida o‘rganib chiqishga kelishib olindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA