“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida yosh mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va bilimini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 31 dekabrdagi “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida korxona qoshida “Malakalarni baholash” va “Malaka oshirish” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Yosh ishchi xodimlarning bilim va tajribalarini oshirish, ularning o‘z ustida ishlash va bilim   ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan rahbariyat tomonidan bir qancha sharoit yaratilmoqda.

–O‘tgan yili jamoamizda mehnat qilayotgan 24 nafar yoshning oliy ӯquv yurtlarini tugatgunga qadar shartnoma pullari tӯlab berildi, –  deydi korxona yoshlar yetakchisi Botir Qurbanboyev.

– Yoshlar masalalarini ӯrganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash institutiga 2021 yili 13 nafar, 2022 yili 8 nafar yosh  hujjat topshirgan bӯlsa, ularning imtihonlarga borib kelishlari uchun  imkoniyat yaratildi. «D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti» Federal davlat byudjet oliy ta’lim muassasasi Toshkent filialiga 2021-2022 ӯquv yili uchun sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 2 nafar yosh xodimning tӯlov-shartnoma puli tӯlab berildi.

Shuningdek, zavodda xodimlarning malaka va tajribasini oshirib borish uchun mamlakatimizdagi yetakchi 15 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi va o‘quv markazi  bilan muntazam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.  Shulardan, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan yoshlar  korporativ boshqaruvning zamonaviy amaliyoti va tamoyillari, Toshkent moliya instituti koshidagi “International institute of Accounting&Finance” (IIAF) o‘kuv markazi tomonidan iqtisodiy hisobotlar xalqaro standarti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor – o‘qituvchilari tomonidan davlat tilida ish yuritish, Dasturiy mahsulotlar va axborot-texnologiyalar o‘quv markazi tomonidan kompyuter texnologiyalari bӯyicha  ӯqitildi.

Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA