Bojxona nazoratini chetlab o‘tishga bo‘lgan urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli tarzda kurash olib borilmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Daut-ata” chegara bojxona postiga xorijiy mamlakatdan kirib kelgan “DAF” rusumli avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, avtotransport vositasida umumiy og‘irligi 186,95 gr. bo‘lgan, qiymati 90 million so‘mlik 13 turdagi 35 dona tilladan yasalgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

Yana bir holatda mazkur postga kirib kelgan “DAF” rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, ushbu avtotransport vositasida yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, qiymati 30 million so‘mlik turli xo‘jalik tovarlari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA