Davlatimiz rahbarining joriy yil 31 yanvardagi «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish, aholini munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar belgilab berildi.

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshiriladi. Ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davr endilikda 6 yilga oshiriladi. Bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

2022 yil 1 apreldan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida birinchi-to‘rtinchi sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlashni tashkil etiladi. Joriy yil 1 apreldan boshlab nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etiladi.

Hududlarda birlamchi tibbiy xizmati «bir qadam» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etiladi. Shuningdek, 2022 yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlari malaka toifasiga qarab oshirib boriladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Taraqqiyot strategiyasi har bir ustuvor yo‘nalishi nomlanishidan boshlab, mazmun-mohiyatigacha inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan.

Zero, davlatimiz rahbari inson qadri avvalo har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti yaratish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berish kerak ekanligini ta’kidlagan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA