Ma’lum bo‘lishicha, agar 15 daqiqa davomida tibbiy niqob taqmagan bemor bilan yaqin masofada muloqotda bo‘lsangiz, “Omikron” virusni yuqtirib olishingiz tayin. Tadqiqot uchun dunyodagi eng tezkor «Fugaku» superkompyuteri imkoniyatlaridan foydalanildi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Olimlar kompyuter yordamida «Omikron» bilan kasallanish mumkin bo‘lgan turli vaziyatlarni simulyatsiya qilishdi. Ular modelni yaratish uchun virus tashuvchisi bilan turli masofalarda 15 daqiqa davomida suhbat olib borishdi. Bunda bemorning niqob taqqan yoki taqmagan holatlari alohida inobatga olindi.

Aniqlanishicha, agar koronavirusga chalingan kishi tibbiy niqob taqqan bo‘lsa va u bilan bir metr yoki undan ziyodroq masofada muloqot o‘rnatilsa, infeksiyani yuqtirish xavfi deyarli mavjud emas.

Biroq bemor niqob taqmagan bo‘lsa, xuddi shu oraliq masofada kasallikka chalinishingiz ehtimoli 60 foizgacha ortadi.

Agar yarim metrdan qisqa masofada niqob taqmagan xastalik tashuvchisi bilan chorak soat suhbatlashsangiz, «Omikron»ni yuqtirib olishingiz xavfi deyarli 100 foizgacha yetadi. Xuddi shu vaziyatda bemor niqob taqsa, bu infeksiya bilan xastalanish ehtimoli 14 foizgacha kamayishi mumkin.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, «Omikron» variantining yuqumliligi «Delta»ga nisbatan bir yarim baravar yuqori.

Masalan, avvalgi shtamm tashuvchisi bo‘lgan bemor bilan yarim metrdan bir metrgacha bo‘lgan masofada 15 daqiqa suhbatlashsangiz, virusni yuqtirish xavfi taxminan 70 foizga teng. «Omikron»da bu ko‘rsatkich 85 foizni tashkil qiladi.

Shunga qaramay, yapon olimlari hatto niqob taqqan holatda ham odamlar bilan muloqotda ijtimoiy masofa saqlash lozimligini ta’kidlashdi.

O‘zA