SO‘RAGAN EDINGIZ…

Mulkdor almashganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinganida ish qidirish davrida ikki oydan ortiq bo‘lmagan davr mobaynida xodimning o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi. Bunda xodimga to‘langan bir oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi ham qo‘shib hisobga olinadi.
Agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab o‘ttiz kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsa, mahalliy mehnat organi bergan ma’lumotnomaga binoan uchinchi oy uchun ham oldingi ish joyidan o‘rtacha ish haqi olish huquqiga ega bo‘ladi.

Ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirilganda ham xodimning yuqorida nazarda tutilgan moddiy madad olishga oid qo‘shimcha kafolatlari saqlanib qoladi. U mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ikkinchi va uchinchi oylar davomida ishga joylashmagan taqdirda unga ikkinchi va uchinchi oylar uchun ilgarigi ish joyidan o‘rtacha ish haqini to‘lash muddatlari ham o‘zgarmaydi.

MASALAN…

Mehnat shartnomasi 1 apreldan bekor qilinishi haqidagi bildiruv xati bilan korxona rahbari 1 fevralda yozma tarzda ogohlantirildi, lekin, yangi mulkdorning xohishi asosida ushbu ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirildi va korxona rahbari bilan mehnat shartnomasi 1 fevraldan bekor qilindi. Korxona rahbariga ogohlantirish muddatiga mutanosib ravishda (fevral, mart oylari uchun) pullik kompensatsiya va bir oylik (fevral uchun) ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘landi.

Agar korxona rahbari ishga joylashmaganligini mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasining ko‘chirma nusxasi bilan tasdiqlasa, MK 67-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan ikkinchi oy (mart) uchun o‘rtacha oylik ish haqini aprel oyida olish huquqiga ega bo‘ladi.Elektron mehnat daftarchasining ko‘chirma nusxasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirish my.mehnat.uz elektron manzili bo‘yicha elektron mehnat daftarchasining noyob raqamini kiritish yoki mobil telefon yordamida QR-kodni skaner qilish orqali amalga oshiriladi.

Korxona rahbari, mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng o‘ttiz kalendar kun ichida, ya’ni 2 fevraldan 3 martgacha bo‘lgan muddatda mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa va may oyida bu to‘g‘risida mehnat organining ma’lumotnomasini taqdim qilsa, unga uchinchi oy (aprel) uchun ham ilgarigi ish joyidan o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi.

Bobomurod AVAZOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi