Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “YANGI ASR AVLODI” MCHJning murojaati asosida kitoblarni chop etish bozoridagi nohalol raqobat holatini o‘rgandi.

O‘rganish natijasida bu sohadagi bir qator muammolar yuzaga chiqdi. Muammolarning biri mualliflar bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqasi raqobatchilar bilan. Jumladan, asar muallifi yoki uni tarjima qilgan tarjimon, ushbu asarni bosib chiqarish uchun “YANGI ASR AVLODI” MCHJ nashriyoti bilan shartnoma tuzgan.

Shartnoma shartiga ko‘ra, muallif asar yoki uning bir qismini nashriyotning yozma roziligini oldindan olmay turib, boshqa tashkilotlarga nashr etish uchun bermaslikni o‘z zimmasiga olgan, aks holda Fuqarolik kodeksining 1070-moddasiga asosan, yetkazilgan zararning o‘rnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplashi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Biroq murojaatchi o‘zi tomondan bosib chiqarilgan ba’zi asarlarning boshqa nashriyotlar tomonidan ham nashr etilayotganini aniqlagan va bunga ularning tegishli huquqi mavjud emas deb, o‘z huquqlari buzilayotganligidan shikoyat qilgan.

Holatni o‘rganish jarayonida “YANGI ASR AVLODI” MCHJ bilan shartnoma tuzgan muallif bir oz vaqt o‘tib, aynan shu asarlarni chop etish bo‘yicha boshqa nashriyotlar bilan ham shartnoma tuzganligi ma’lum bo‘lgan. Biroq, bu holatda shartnomada aytilganidek, muallif tomonidan “YANGI ASR AVLODI” MCHJning yozma roziligini olish u yoqda tursin, uni hatto xabardor ham qilmagan.

O‘rganish jarayonida yana bir holat aniqlandiki, unda boshqa bir nashriyot “YANGI ASR AVLODI” MCHJ avval nashr qilgan kitob muqovasi dizaynini takrorlagan holda kitobni bosib chiqargan. Ushbu holatda ham asarni bosib chiqarishga muallif rozilik bergan, lekin bu rozilik kitob muqovasining ko‘rinishini ham takrorlashi mumkin degani emas, chunki dizayn nashriyotning intellektual mulki hisoblanadi va undan foydalanish uchun egasining tegishli roziligini olish lozim bo‘ladi. Ushbu holat Komil Sindarovning “Temuriylar kutubxonasining siri” asarida yuz bergan.

Shuningdek, “YANGI ASR AVLODI” MCHJ tomonidan nashr etilgan ba’zi asarlar noma’lum nashriyotlar tomonidan o‘z nomlarini ko‘rsatmagan holda yoki “YANGI ASR AVLODI” MCHJ nomini qo‘yib (uning roziligisiz) nashr qilingan va kitobxonlar uchun sotuvga chiqarilgan. “YANGI ASR AVLODI” MCHJ tomonidan nashr qilgan kitoblarda kitobxonga nashriyot va uning faoliyati to‘g‘risida to‘liq axborot taqdim qilish maqsadida jamiyatning nomidan tashqari, QR-kodi ham joylashtiriladi.

Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Quyonlar saltanati”, “Mungli ko‘zlar” asarlarining kontrafakt ko‘rinishlarida “YANGI ASR AVLODI” MCHJ nomi qo‘yilgan bo‘lsada, jamiyatning QR-kodi qo‘yilmaganligini misol tariqasida ko‘rsatish mumkin.

O‘rganish jarayonida ishtirok etgan nashriyotlarning vakillari noma’lum shaxslar taniqli nashriyotlarning nomlarini joylashtirgan holda sifati past bo‘lgan qog‘ozlardan foydalanib kitoblarni bosib, sotuvga chiqarayotganligi, natijada kitobda nomi ko‘rsatilgan nashriyot kitobxonlarning e’tirozlarini eshitishiga to‘g‘ri kelayotganini ta’kidlashdi.

Ko‘rib chiqilgan ish yuzasidan raqobat qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan nashriyotga ushbu holatni bartaraf etishi to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.

O‘zA