Onlayn

Oliy Majlis Senati yigirma uchinchi yalpi majlisida “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni muhokama qilindi.

Hujjatda moddiy madaniy meros ob’ektlarini nobud qilganlik, buzganlik yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, tarixiy ob’ektlarga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganlikni ifodalovchi qilmishlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazish belgilangan.

Shuningdek, mazkur holatlarda dastlabki tergov o‘tkazishni prokuratura organlariga yuklash, Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining ijro etish majburiy bo‘lgan ko‘rsatma va taqdimnomalarini belgilangan muddatda to‘liq bajarmaganlik uchun javobgarlikni belgilash nazarda tutilgan.

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish belgilangan.

Xususan, tarixiy ob’ektlarga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganlikni ifodalovchi qilmishlar uchun 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Mazkur qonun yuzasidan so‘z olgan senatorlar ushbu Qonunning ma’qullanishi mamlakatimizdagi moddiy madaniy meros ob’ektlarini, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlar va hududlarni muhofaza qilishda, ularning noyobligini saqlab qolishda, kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Muhokamalar so‘ngida ushbu qonunni qabul qilish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi davom etmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA