Sog‘liqni saqlash vazirligida AQSHning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum, USAIDning yurtimizdagi missiyasi hamda AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot avvalida davlatlarimiz o‘rtasida tibbiyot sohasida o‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, O‘zbekiston tomoni AQSHning koronavirus pandemiyasi davrida ko‘rsatayotgan amaliy ko‘magidan minnatdor ekanligi qayd etildi.

Jumladan, COVID-19ga qarshi kurash uchun COVAX dasturi bo‘yicha 5 million dozadan ziyod “Moderna” va “Pfizer” vaksinalari taqdim etilgani aholi salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

AQSH vakillarining ta’kidlashicha, joriy yilning sentyabr oyiga qadar mamlakatimizga yana 5 million doza ana shunday vaksinalar yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan qariyb 2 million dollarlik koronavirusdan himoya vositalari, 3,7 million dollarlik tibbiy jihozlardan iborat insonparvarlik yordami ko‘rsatilgani ham e’tiborga loyiq.

Shu bilan birga, keyingi yillarda yurtimizda USAID grantlari asosida ro‘yobga chiqarilayotgan qator loyihalar tibbiyot sohasini zamon talablari darajasida rivojlantirish imkonini bermoqda.

O‘z navbatida, AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari bilan koronavirus hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, vaksinatsiya, sanitariya-epidemiologiya va tibbiyotning boshqa qator yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik aloqalari mustahkamlanyapti.

Masalan, bundan bir muddat avval “Amaliy epidemiologiya bo‘yicha o‘quv dasturining bazaviy darajasi” xalqaro malaka oshirish kursi yo‘lga qo‘yilib, uning doirasida birinchi guruh tinglovchilari o‘qitildi. Endi shu yilning aprel oyidan ikkinchi guruh mashg‘ulotlari boshlanishi rejalashtirilgan.

Shuning barobarida, COVID-19ga qarshi emlash dasturi doirasida  CDC mutaxassislari ko‘magida 800 nafar umumiy amaliyot shifokori, epidemiolog va pediatrlar malaka oshirdi.

Uchrashuvda kelgusida tibbiy ta’limni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish, infeksion kasalliklarning oldini olish, jumladan, grippga qarshi vaksinalarni yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Binobarin, mamlakatimiz tibbiyot tizimining turli favqulodda holatlarda tezkor va sifatli faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadda ko‘chma shifoxonalar tashkil etish, mobil shoshilinch tibbiy yordam tizimini shakllantirish, shuningdek, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zA