Onlayn

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlash masalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasida yaqin va o‘rta istiqbolda O‘zbekistonning rivojlanish tendensiyalari, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini kompleks rivojlantirish yo‘nalishlari aniq belgilangan.

Ushbu tarixiy hujjatning ahamiyati shundaki, uni ishlab chiqishda mavjud muammolar e’tiborga olindi, yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar aks ettirildi. Eng muhimi, hujjatning ishlab chiqilishida xalqimiz faol ishtirok etdi.

Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilab olingan. Davlat dasturi ijrosi doirasida 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Davlat dasturining inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yo‘nalishi ijrosini ta’minlash Oliy Majlis palatalari mas’ul etib belgilangan. Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan parlament nazorati yo‘lga qo‘yiladi.

Majlisda, shuningdek, mamlakatimizda islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilganligi ta’kidlandi. Davlat dasturi mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish bo‘yicha choralarni ham nazarda tutadi.

Bunda hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda mahallalarning vakolatlarini, ularning jamoatchilik bilan aloqalarini kengaytirish, hokim yordamchilari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish kabi vazifalar amalga oshiriladi.

Shuningdek, byudjet tashkilotlariga aniq strategik vazifalar qo‘yish, ularga so‘rov yuborish amaliyoti joriy qilinadi. Hududlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, masofaviy ishlash yo‘lga qo‘yiladi, hududlarni rivojlantirish masalalarida vakillik organlari ishtiroki kuchaytiriladi.

Muhokamalarda ushbu vazifalarning joylardagi ijrosi Senatning tegishli qo‘mitalari hamda hududlardagi senatorlar va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Majlisda Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Senatning chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, tegishli qaror qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA