O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Respublika “Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati rahbari Nilufar Hotamova ishtirokida brifing tashkil etildi. Unda 2022 yilda hunarmandchilik yo‘nalishida rejalashtirilgan xalqaro festivallar, ko‘rgazma va tadbirlarga tayyorgarlik haqida ma’lumotlar berildi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 10 — 15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida II Xalqaro Hunarmandchilik festivali o‘tkaziladi. Festivalga iqtidorli hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb qilish maqsadida “Men Qo‘qonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat ko‘rgazma va ko‘rik-tanlov tashkil etiladi.

Birinchi bosqich — tumanlar (shaharlar) bo‘yicha 2022 yilning aprel oyida,  ikkinchi bosqich — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha 2022 yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, festival doirasida  ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

Milliy hunarmandchiligimizning katta tarmoqlaridan biri kulolchilikdir. 2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marta sentyabr oyida Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi. Dastlabki forum va uning doirasida “An’anaviy kulolchilikni saqlash va uni rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 2022 yil sentyabr oyida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida II Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkaziladigan kunlari tashkil etiladi.

2022 yil 1 martgacha forum rasmiy veb-sayti ishga tushiriladi, jumladan unda hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovg‘alari sotuvi tashkil etiladi. Rishton tumanida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi logotipi uchun tanlov e’lon qilindi. Tanlovda professional reklama kompaniyalari, agentliklar bilan bir qatorda  jismoniy shaxslar ham ishtirok etishi mumkin.

Eng yaxshi deb topilgan 3 ta variant festivalning tashkiliy qo‘mitasi e’tiboriga taqdim etiladi. Tanlovga taqdim qilingan materiallar  2022 yil 1 mart gacha qabul qilinadi. Tanlov shartlari bilan “Hunarmand” uyushmasining veb-sayti orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Bundan tashqari joriy yildan boshlab Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali tashkil etiladi. Festivalni mahalliy va xorijiy ishtirokchilarga ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish hamda yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida festival logotipi ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

“Hunarmand” uyushmasi, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi, Badiiy akademiya, Turizm va sport vazirligi, Buxoro viloyat hokimligi vakillaridan iborat  hakamlar hay’ati tuzilib, festival logotipi uchun ijodiy tanlov e’lon qilindi. Ijodiy tanlovga 58 ta logotip loyihalari taqdim etilib, hakamlar hay’ati 5ta logotip loyihasini tanladi. Ushbu logotip loyihalarini ko‘rib chiqib, tasdiqlash uchun tashkiliy qo‘mitaga taqdim etildi.

Xalqaro Zardo‘zlik va zargarlik festivali uchun  https://zarfestival.uz/ veb sayti ishlab chiqildi. Ushbu saytda festival haqidagi ma’lumotlarni olishingiz mumkin. Mazkur sayt orqali xorijda faoliyat olib borayotgan hunarmandlar ariza topshirishni boshladi. Bu bo‘yicha tashqi ishlar vazirligi bilan ish olib borilmoqda. Festivalda ishtirok etadigan mahalliy ishtirokchi hunarmandlarning ro‘yxatlari va yig‘ma jild hujjatlari shakllantirildi. Shu bilan birgalikda hunarmandchilikka oid kitob, albom, ustida ish olib borilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmog‘i vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda “Uzbek Jewellery Fair” zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.

Buxoro shahrida “Ipak va ziravorlar” an’anaviy xalqaro festivali, Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Sayilgoh ko‘chasida har yili mustaqillik bayrami arafasida “Toshkent suvenirlari” ko‘rgazma-yarmarkasi, yosh hunarmandlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va sog‘lom raqobatni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Yosh hunarmandlar” festivali o‘tkaziladi.

Bunda, mazkur festivalning tuman va shahar hamda viloyat bosqichlarida
saralangan yosh hunarmandlar ishtirokidagi respublika bosqichini Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yuksak darajada o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

2022 yil fevral oyida Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan “Hikmatlar olami” II xalqaro hattotlik festivalini o‘tkazish ham rejadashtirilgan. Bu kabi festivallarning tashkil etilishi milliy hunarmandchiligimizga bo‘lgan e’tiborni oshirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodlarga tanishtirish va xorijlik hunarmandlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA