Yevropada, garchi ko‘pchilikda yengil kechayotgan bo‘lsa-da, omikron shtammi juda tez sur’atda tarqalyapti. Sanitariya cheklovini butunlay bekor qilayotgan yoki yumshatayotgan davlatlar ham yo‘q emas. “Euronews” xabar berishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti epidemilogik vaziyat barqarorlashgancha fuqarolardan niqobda yurishni so‘radi.

– Mamlakatlarni ixtiyoridagi vositalardan foydalangan holda, aholini himoya qilishga chaqiramiz, – dedi JSST Bosh kotibi Tedros Adhanom Gebreyesus. – Niqobdan voz kechishga, g‘alaba haqida gapirishga hali erta. Virusning omikron shtammi ko‘z o‘ngimizda rivojlanishda davom etyapti.

Masalan, Daniya fevraldan boshlab har qanday cheklovdan voz kechdi. Mamlakatda koronavirus jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘dirmaydigan kasallik sifatida qabul qilindi.

– Bu ajoyib yangilik, ammo men biroz qo‘rqyapman, – deydi 60 yoshli kopengagenlik fuqaro.

– Koronavirus hali yo‘qolgan emas. Norvegiyada ham xuddi shunday holat, ya’ni masofadan ishlash tartibi bekor qilindi, gavjum joyda niqobsiz harakatlanishga ruxsat berildi.

Fransiya hukumati esa mamlakatdagi konsert zali va teatrlarni ochib yuboryapti. Ustiga ustak, tomoshabinlar niqobda bo‘lishi ham shart emas.

Faqat vaksina olish talabi qo‘yilgan, holos.