Keng jamoatchilik muhokamasi asosida qabul qilingan 5 yillik dastur — 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida inson qadr-qimmatini ulug‘lashga qaratilgan bir qator maqsad-vazifalar, dasturilamal sa’y-harakatlar o‘z ifodasini topgan.

Xususan, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda samaradorlikni oshirish, ularga qulaylik yaratish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish borasida muayyan chora-tadbirlar ko‘zda tutilgani e’tiborga molik.

Strategiyaga ko‘ra, davlat xizmatlari qamrovi va tezkorligini oshirish, ularning ko‘rsatilishida aholining barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinishini ta’minlash maqsadida shu yilda «Fuqarolarning raqamli pasporti» loyihasini joriy qilish belgilangan.
Ushbu loyihani amaliyotga tatbiq etish hisobiga esa aholidan tug‘ilganlik to‘g‘risida va haydovchilik guvohnomalari, shahodatnoma va diplom kabi muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, fuqarolarga hujjatlarni berish va almashtirishda, shuningdek, o‘zaro bog‘liq davlat xizmatlarini murojaatni kutmasdan taklif etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu chora-tadbirlar aholi vakillariga samarali va qulay davlat xizmatlarini ko‘rsatish, turli ovoragarchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA