Ma’lumki, joori yilning 1 yanvaridan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlaridagi xarid uchun berilgan onlayn nazorat-kassa texnikasi QR-kodli chekini “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar xarid summasidan 1 foiz keshbekka ega bo‘lmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yil 1 yanvardan 1 fevralga qadar 32 755 242 ta xarid cheki onlayn nazorat-kassa texnikalari orqali chop etilgan bo‘lib, shundan 1 482 563 tasiga “Soliq” mobil ilovasi orqali 19,4 mlrd. so‘mlik keshbek hisoblangan.

Ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar tahlil qilinganda, ayrim texnik xizmat ko‘rsatish markazi (TxKM) xodimlari keshbekka ega bo‘lish maqsadida vazifalarini suiiste’mol qilib, o‘zgalar tomonidan amalga oshirilgan xarid uchun shakllangan cheklarni o‘z nomidan ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari aniqlandi.

Jumladan, 3 nafar TxKM xodimi tomonidan o‘zlari xizmat ko‘rsatayotgan 281 ta tadbirkorlik sub’ektining 11 mlrd so‘mlik 15,9 mingta xarid cheki ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Xususan, TxKM xodimlari  Q.N. tomonidan 178 ta tadbirkorning 7 524 ta 5,8 mlrd so‘mlik, Q.A. tomonidan 80 ta tadbirkorning 5 206 ta 4,6 mlrd so‘mlik, R.F. tomonidan 23 ta tadbirkorning 3 131 ta 0,6 mlrd. so‘mlik cheklarini “Soliq” mobil ilovasida QR-kod orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Shahnoza Mamaturopova,  O‘zA