Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan bir guruh askarlar va Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestr jamoasi yurtimizning taniqli ijodkori, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, akademik Sarsenbay Baybosinov ijodiy ustaxonasida mehmon bo‘ldi.

Ijod olami rang-barang. Adabiyot, musiqa, kino, raqs va shu kabi bir qator san’at turlari orasida rangtasvir olami fusunkorligi bilan ajralib turadi. Rangin bo‘yoqlar sehridan yaralgan san’at asarlari insonlarga estetik zavq bag‘ishlab, go‘zallikni anglashga o‘rgatadi. Sarsenbay Baybosinov ijodiy ustaxonasi harbiylarda katta taassurot qoldirgani shubhasiz.

1983 yildan buyon ijodga sho‘ng‘igan Sarsenbay Baybosinov yillar davomida salmoqli va mazmunli asarlar yaratishga erishdi. Respublikamiz va xorijiy mamlakatlarda rassomning ko‘rgazmalari tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda turli muzey va galereyalardan hamda shaxsiy kolleksiyalarda asarlari saqlanadi.

Ijodkor goh natyurmort, goh peyzaj, maishiy va boshqa janrlarda erkin ijod qilib kelmoqda. Rassomning ijodida o‘ziga xos jihatlar shundaki, u rangtasvirni adabiyot, musiqa, falsafa va koinot bilan bog‘laydi.

Falsafiy mushohadalarga chorlovchi asarlar yillar davomida sayqallanib, tasviriy san’at dunyosida Sarsenbay Baybosinovning ijoddagi “meni”ni yaratdi.

Sarsenbay Baybosinov harbiylarga ijodiy faoliyati, shogirdlari haqida to‘lqinlab so‘zlab berdi. Armiya yillarini esga olib, o‘sha davrdagi mashaqqatli kunlar haqida gapirdi.

Ijodiy suhbat asnosida rassom portret janrida mahorat darsi o‘tkazib berdi. Qiziqarli va mazmunli o‘tgan uchrashuv so‘nggida harbiy orkestr jamoasining harbiy musiqiy navolari yig‘ilganlarga juda ham manzur bo‘ldi.

Shohista Abduraxmanova,

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati