Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida atoqli adib Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda adibning yaqinlari Jamila Aytmatova, Daniyar Asenalxanov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti akademiyasi kafedra mudiri Vladimir Kiselev, Chingiz Aytmatovning O‘zbekistondagi doimiy ekspozitsiyasi rahbari, jurnalist Ahmadjon Meliboyev, Jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti bo‘lgan.

Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib borgan.

O‘tgan asrning 80-yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” kabi nohaq siyosiy kampaniyalar ta’sirida Chingiz Aytmatovning adolat va haqiqat kuychisi sifatida xalqimizning sha’ni va obro‘-e’tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini elimiz hamisha minnatdorlik bilan eslaydi. Ijodkorning davlatimiz tomonidan “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangani xalqimizning adibga bo‘lgan hurmati ifodasidir.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning o‘lmas badiiy merosi xalqimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning gumanizm va ezgulik g‘oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari mamlakatimizda millionlab nusxalarda nashr etilmoqda.

 

Akbarjon ABDURAIMOV,

jurnalist