Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida iste’mol bozorida tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha 0,9 foizga qimmatlashgan.

Ta’kidlanishicha, 2022 yilning birinchi oyi yakunlari bo‘yicha narxlar va tariflar bo‘yicha eng yuqori o‘sish sur’atlari asosan oziq-ovqat mahsulotlari savdosida kuzatildi.

Ushbu mahsulotlar o‘rtacha 1,3 foizga qimmatlashdi. Inflyatsiyaning asosiy omillaridan biri meva va sabzavotlar narxlarining mavsumiy o‘sishi bo‘ldi.

Xususan, 2021 yilning so‘nggi oyiga nisbatan mevalar va yong‘oqlar narxi 3,1 foizga, sabzavotlar, ildizli mevalar, banan va dukkakli donlar 5,8 foizga qimmatlashdi.

Go‘sht mahsulotlari, aksincha, oy davomida biroz arzonlashdi (0,4 foiz).

Oziq-ovqat mahsulotlari yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Shunday qilib, 2022 yilning yanvar oyida 2021 yilning yanvariga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari o‘rtacha 13,1 foizga oshdi.

O‘tgan oyda nooziq-ovqat tovarlari 0,5 foizga, aholiga pullik xizmatlar narxi 0,7 foizga oshdi. Nooziq-ovqat mahsulotlar va pullik xizmatlar 2022 yilning yanvar oyida 2021 yilning yanvariga nisbatan mos ravishda 7,8 foiz va 6,9 foizga qimmatlashgan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2021 yilning yanvar oyida inflyatsiya 1 foizni tashkil etgan. Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,5 foizga, xizmatlar 1,4 foizga qimmatlashgan.

O‘zA