Shu munosabat bilan tashkil etilgan seminarda bozorning tez o‘zgarayotgan sharoitini inobatga olib, qisqa vaqt ichida yangi, zamonaviy malakali ishchi kadrlarni tayyorlaydigan o‘quv muassasalariga bo‘lgan talab kun sayin oshib borayotgani qayd etildi.

Ushbu sohani yanada rivojlantirish maqsadida, hamda ishsiz yoki vaqtincha ish bilan ta’minlanmagan aholini, jumladan, ta’lim muassasalarini bitirganlarni professional tayyorlash va qayta o‘qitish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda professional ta’limni imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

 

Loyiha ish bozori talab qiladigan mutaxassislarni o‘qitish va qayta tayyorlashni tashkil qilishga bag‘ishlangan. Xususan, hududiy bandlikka ko‘maklashish markazlari orqali, aholining ish bilan band bo‘lmagan qatlamini aniqlab, ularni kasbga o‘qitadi. Korxona va tashkilotlar buyurtmasiga asosan, ishchilarini malakasini oshiradi va qayta tayyorlaydi. Yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida muayyan kasb bo‘yicha qisqa muddatli o‘qitish kurslarni tashkil etadi. Markazlarda ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasbga o‘qitish 8 oyni tashkil qiladi. Shundan 6 oyi markazda kasbga o‘qitiladi va stipendiya to‘lanadi, 2 oyi esa korxona va tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyoti hisoblanib, u yerda markazda olingan bilim, ko‘nikma va malaka mustahkamlanadi.

 

Markazda mehnat bozorida va hududda muhim avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash, axborot texnologiyalari, mashinasozlik ishlab chiqarish texnologiyasi, elektrotexnika, elektronika va avtomatlashtirish kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi.

 

Ma’lumki, mamlakatimizda barcha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi va murabbiylarning malakasi muntazam oshirib boriladi. Ammo kasbga tayyorlash markazlari o‘qituvchilarini kasb mahoratini, malakasini oshirish uchun ma’lum bir o‘quv tizimi yo‘lga qo‘yilmagan edi. Avvallari markaz o‘qituvchilari xorij davlatlariga, xususan, Koreyaga borib tajriba almashib kelgan. Endilikda O‘zbekistonda Milliy texnik malakani baholash va o‘qituvchilar malakasini oshirish instituti ochilishi ko‘zda tutilmoqda.

 

– Bu institut o‘qituvchilarning ijodiy imkoniyatlarini shakllantirish va oshirish, ularning ilmiy saviyasini takomillashtirish, dunyoqarashini kengaytirish, O‘zbekistonda keng miqyosda texnik jihatdan iste’dodli va o‘z kasbining ustasi bo‘lgan kadrlar tayyorlaydigan muhim o‘quv dargohi bo‘lishiga ishonamiz, – deydi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sun Jin Park.

 

– O‘qituvchilarning kasb darajasi va malakasini doimiy oshirib borish, ularni zamonaviy talablarga muvofiq muntazam qayta tayyorlash tizimini joriy etish asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan oshirish ko‘zda tutilgan. Chunki kun sayin o‘zgarib borayotgan zamon bilan hamnafas bo‘lmay turib, bugungi talablarga to‘la javob beradigan mutaxassislarni tayyorlashning iloji yo‘q.

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasbga o‘qitish markazlari o‘qituvchilarini malakasini oshirish maqsadida tashkil etilayotgan yangi tizim sohadagi kadrlarni har tomonlama malakasini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu institut orqali kasbga tayyorlash markazlarini tamomlagan mutaxassislarning kasb ko‘nikmasi ham baholanadi. Bu borada Koreya tajribasini o‘rganish va ulardan ko‘mak olish muhim ahamiyatga ega. – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA tashkiloti bilan samarali hamkorlik qilib keladi, – deydi Vazirlikning boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Odil Komiljonov. – Dastlabki loyiha doirasida Toshkent, Samarqand va Shahrisabzda tashkil etilgan kasbga tayyorlash markazlarida besh mingga yaqin ishsiz fuqarolar kasbga o‘qitilib, ularning 90 foizdan ortig‘i ish bilan ta’minlandi. Joriy yilning mart oyida Farg‘onada va 2023 yilda Urganchda ham ana shunday kasb hunarga o‘qitish markazi ochilishi rejalashtirilgan. Seminarda Milliy texnik malakani baholash va o‘qituvchilar malakasini oshirish institutini tashkil etish, uning tarkibiy tuzilmalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA