FOTOREPORTAJ
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Pedagogika fakulteti o‘qituvchisi Erkinoy O‘rinboyeva o‘z iqtidori, bilimi va izlanuvchanligi bilan e’tibor qozongan yosh mutaxassislardan.
Bolaligidan milliy qo‘shiqlarni ijro etishga ishtiyoqi baland Erkinoy Nukus madaniyat va san’at kollejida baxshichilik san’ati va musiqa sirlarini o‘rgandi. So‘ng Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining musiqa ta’limi yo‘nalishida tahsil oldi. Tajribali professor-o‘qituvchilardan ta’lim olib, ijodiy izlanishlar bilan birga, ilmiy rahbari, musiqa ta’limi kafedrasi dotsenti Sofiya Tojetdinova ko‘magida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Hozirda ustozlari qatorida talabalarga saboq bermoqda.
Mahoratli pedagog shuningdek, mamlakat hamda xalqaro miqyosdagi qator nufuzli tanlov va festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olgan.
Erkinoy O‘rinboyevaning san’at va fan yo‘nalishidagi tashabbuskorligi munosib e’tirof etilib, Prezidentimizning tegishli qaroriga binoan 2022 yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
– Orzu va maqsadlarim juda katta, – deydi E. O‘rinboyeva. – Qoraqalpoq baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish, dostonlarimiz va milliy qo‘shiqlarimizni jahon sahnalarida ijro etish niyatidaman. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy ishlarimni davom ettiraman.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA