FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘istonlik sport faxriysi Zaripboy Allaniyozov tashabbusi bilan 2004 yilda Nukus shahridagi “Aq jag‘is” mahalla fuqarolar yig‘inida sport zali qurilib, yosh sportchilar ixtiyoriga topshirilgan edi. Maskanda o‘tgan davr mobaynida xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qilishga qodir ko‘plab iqtidorli sportchilar yetishib chiqdi.

– Bu yerda boks sirlarini o‘rganyapman, – deydi Sardorbek Kenjaboyev. – Shu kunga qadar Nukus shahri hamda qator tumanlarda bo‘lib o‘tgan musobaqalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egalladim. Maqsadim, kelajakda Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘stmatov kabi Olimpiada chempioni bo‘lish.

Ayni paytda bu yerda Nukus shahridagi 2-sport maktabi hamda sportning yakkakurash turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabidan tashrif buyuradigan 3 nafar murabbiy rahbarligida boks mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.

Boks zalida biroz avval joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Bu ishlarda tadbirkor Muxtor Pirnazarov yaqindan yordam berdi. Biroq, bu yetarli emas. Sport zali va uning atrofi yanada mukammal ta’mirga muhtoj.

Boks zalida yetarli sharoit yaratilsa, kelgusida bu yerda ham Olimpiya, jahon va Osiyo chempionlari yetishib chiqishiga shubha yo‘q.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA