O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov joriy yil 1 yanvardan Toshkent shahridagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimiga tayinlangan Ruslan Mirzayevni qabul qildi.

Vazir R.Mirzaevni lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, O‘zbekiston tomoni SHHTning terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashda a’zo davlatlar hamkorligini ta’minlash bo‘yicha asosiy organi hisoblangan MATT faoliyatiga muhim ahamiyat qaratishini ta’kidladi. Ruslan Mirzayevning milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, mustahkamlash yo‘lidagi o‘ziga xos xizmatlarini, mutaxassis sifatidagi boy tajribasini alohida qayd etdi.

– Tashqi ishlar vazirligi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bilan hamkorlik doirasida Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan, – dedi A.Komilov. – MATT faoliyati nima uchun muhim? Agar xavfsizlikni ta’minlanmasak, biz asosiy maqsadlarimizga erisha olmaymiz. Ya’ni, hududimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmasa, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi sheriklikni rivojlantirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ayni payt joriy yil kuzda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan SHHT sammitini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik jarayoniga jiddiy e’tibor qaratganmiz.

O‘z navbatida R.Mirzayev O‘zbekistonda shaxsan davlat rahbarining SHHT MATTga nisbatan alohida e’tiborini, qolaversa hukumat, TIV va boshqa hamkor vazirlik, idoralar ham doimo tashkilotni qo‘llab-quvatlashini e’tirof etdi.

– Tuzilma va vazirlik o‘rtasida izchil aloqalar shakllangan, dedi u jumladan. – Bundan buyon sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirishimiz zarur. Kelgusida tizimli va samarali hamkorlik davom etishiga ishonamiz.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi va turli darajada bo‘lib o‘tadigan tadbirlar jadvali muhokama qilindi.

 

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA