Kundalik gazetalar bilan tanishib borar ekanmiz, bir o‘y ko‘ngildan o‘taveradi: obuna “oqsayotgan” bir davrda matbuot, OAV o‘z o‘quvchilari ishonchini oqlayaptimi?.. Gazetalarda jamiyat muammolari, odamlar dardi yoritilyaptimi?..

“Yangi O‘zbekiston”da e’lon qilingan “Investitsiyalar samaradorligi va tashqi savdo faoliyati muhokama qilindi”, “Hurlik va taraqqiyot” kabi sharh, sahifa e’tiborni tortadi. “Vaksina – yagona imkoniyat!” maqolasida bugungi kunning muhim mavzusi bo‘lgan koronavirus va emlashning samaralari haqida so‘z boradi. “Shukronalik hissi ruknida berilgan “Ahillik va hamjihatlik – osuda hayot, farovon turmush poydevori”, “Mehrdan nurafshon bo‘lgan qalblar” maqolalari bugungi kun qiyofasi aks etgani bilan e’tiborni tortadi.

“Xalq so‘zi” yurtimizdagi ijtimoiy – siyosiy jarayonlarni yoritishga alohida e’tibor qaratgan. “Mahalla: o‘tmish, bugun, kelajak…”, “Loyihaga munosabat qanday?”, “Vazifalar ijrosida xalq vakillarining o‘rni qay darajada bo‘lishi kerak?” kabi maqolalardagi fikr-mulohazalar o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Shuningdek, gazeta orqali O‘zbekiston Respublikasining “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qarori bilan ham tanishasiz.

“Ishonch” o‘z o‘quvchilariga qiziqarli maqolalar bilan yuzlanadi. “2022 yil uchun jamoa shartnomasining umumiy maketi ishlab chiqildi” sahifasida keltirilgan muhim qaydlar yil davomida sizga asqotadi. “Vatan va el himoyasi – buyuk, ezgu, sharafli va muqaddas burch!”, “Ta’tilda sayohat”, “Ijtimoiy maskanlarsiz yangi mavze yoxud muammolar o‘chog‘iga aylanayotgan hududga qachon e’tibor qaratiladi?”, “Ko‘rpamizga qarab oyoq uzataylik!”, “Kassa oldidagi tirbandliklar” kabi maqolalarni ham qiziqish bilan o‘qiysiz.

«Jamiyat»ning yangi yilimizdagi ilk sonida ham o‘quvchini qiziqtiradigan, mulohaza yuritishga chorlaydigan maqolalar anchagina. Jurnalist Anvar Samadovning “Boshpanasi borning boshog‘rig‘i yo‘q” maqolasi “insoniy qadr” haqida. Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, “Jamiyat”ning bugungi sonini bir boshdan maroq bilan o‘qiy boshlaysiz. Biror maqola, sahifani chetlab o‘tolmaysiz. Mundarijaga e’tibor bering: “Bu zamonda hech kimga ishonch yo‘q”, “G‘alayonlar insoniyatga naf keltirmagan”, “Fikriy yalqovlik yoki “prikol”lar bilan to‘yinayotgan miyalar”, “Ezgu so‘zga tashna qalb”, “Havoga sovrilgan milliardlar” “Seskantiradigan seriallar”, “Xalq artisti shunday bo‘ladi”, “Uch oyligini bermasang, bola puli qani?”. Bu maqolalarni o‘quvchi shunchaki mutolaa qilmaydi. Ularda bugungi kunimizning, jamiyatning dardi bor. O‘quvchini mulohaza, mushohada qilishga chorlaydi. Ming afsuski, gazeta bor-yo‘g‘i 1507 nusxada nashr bo‘lmoqda.

“XXI asr” gazetasi Vatan himoyachilariga bag‘ishlab chiroyli sahifa bergan. Gazetaning bugungi sonida o‘quvchi miriqib mutolaa qiladigan maqolalar ancha. “Faxriylar kengashi: tajribasi hikmat, har o‘giti oltin”, “Shirinlik ortidagi achchiq ta’mdan qo‘rqmayman”, “Hunarmandning yelkasiga oftob tegyapti”, “Prezident mukofoti Nobeldan yuqoridir” maqolalari shular jumlasidan.

“Oʻzbekiston ovozi”dan “Yerda ham, osmonda ham vatanni sevadiganlar”, “Erkak va ojizlik”, “O‘zbekiston kasallar mamlakati emas!”, “Karantin yo‘q, niqob bor” kabi maqolalarni maroq bilan o‘qiysiz.

“Milliy tiklanish” nafaqat yangicha ko‘rinishi – dizayni bilan balki maqolalarning rang-barangligi va dolzarb, muhimligi bilan ham e’tiborni tortadi. “Prezidentning uch yuzta maqsadi”, “Temir mahalla – temir millat”, “Islohotlar talabiga muvofiq keladimi?”, “Qozog‘iston fojiasi” kabi maqolalar o‘quvchi e’tiborini o‘ziga tortadi. Benazir shoirlarimiz – Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Halima Xudoyberdiyevaning Vatan, Yurtga bag‘ishlangan she’rlarini o‘qib, ko‘nglingiz g‘ururlanib ketadi.

“Qishloq hayoti”ni varaqlab, yurtimiz qishloqlari, undagi hayotni ko‘rasiz. “AGRO EKSPORT BARAKA” MCHJ Rossiyaga bodring eksportini boshladi”, “Suv xo‘jaligi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z natijasini bermoqda”, “Beshariqning qudratli suv manbai”, “Norinning fermer shoiri” maqolalari o‘quvchini bee’tibor qoldirmaydi. “OMIKRON” – eng yuqumli virus”, “101 ogohlantiradi: e’tiborsizlik ofatga sabab bo‘lmasin!” maqolalari insonga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xavf-xatardan ogohlantiradi.

bugungi gazetalarni o‘qing, yangi kun havosidan nafas oling…

A.Narzulloyev, O‘zA