Vengriya oltita oziq-ovqat mahsulotining narxini 2021 yil 15 oktyabr darajasida belgilab qo‘ydi, dedi mamlakat bosh vaziri Viktor Orban parlament majlisi yakunlari bo‘yicha bergan bayonotida.

“Bugun biz oltita oziq-ovqat mahsuloti – shakar, bug‘doy uni, kungaboqar yog‘i, cho‘chqa go‘shti, tovuq go‘shti va sigir sutiga narxni shakllantirishda aralashishga qaror qildik. Bu degani, ushbu mahsulotlarning narxi 2021 yil 15 oktyabrgacha bo‘lgan darajaga qaytishi lozim. Fevral oyidan boshlab, barcha savdo do‘konlarida narxlar shunday bo‘lishi kerak”, – dedi Orban videomurojaatida.

Uning ta’kidlashicha, hukumat ushbu chorani Yevropada yuz berayotgan energiya inqirozi tufayli eng zarur oziq-ovqatlar narxi oshib ketishidan fuqarolarni himoya qilish uchun qo‘llamoqda. Orbanning ta’kidlashicha, bundan avval ham Vengriya benzin narxi oshishini cheklab qo‘ygandi va ayni paytda kommunal to‘lovlarni ham arzonlashtirish choralarini ko‘rmoqda.