YANGILIK

O‘zR FA Bioorganik kimyo instituti olimlari tomonidan yaratilgan «Rutan tabletkalari, 100 mg» preparati COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash protokoliga kiritildi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.

Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, endilikda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Rutan preparatini koronavirusga chalingan bemorlarda, o‘tkir respirator infeksiya bilan bog‘liq bo‘lgan holsizlikning birinchi belgilari paydo bo‘lganida, shifokor tavsiyasiga ko‘ra qo‘llash belgilandi. Rutan preparati Rhus coriaria (Totum) o‘simligidan ajratib olingan dori preparati bo‘lib, klinik sinovlar natijasiga ko‘ra, gripp virusining turli shtammlariga, shuningdek, SARS-Cov-2 virusiga qarshi samarali ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi.

Mazkur tadqiqotlar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taqdim etilgan grant mablag‘lari yordamida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirildi.

Klinik sinovlar natijasida Rutan dori preparatining 100 milligrammlik optimal dozasi 6 yoshdan katta bemorlarda xavfsiz qo‘llanishi mumkinligi va uni kuniga 2 marotaba ichish virusning ko‘payishiga to‘sqinlik qilishi, shamollash va yallig‘lanish jarayonlarining oldini olishi, xususan, o‘tkir va atipik pnevmoniya yuzaga kelishiga to‘sqinlik qilishini ko‘rsatdi. Virusning patologik ta’sirga ega bo‘lgan barcha funksional va strukturaviy oqsillarining hosil bo‘lishida ishtirok etuvchi ikkita asosiy konservativ fermentini – 3SL proteazasini va RNKga bog‘liq RNK polimerazasini ingibirlash (to‘xtatish) xususiyati va u o‘simliklardan olingan dori vositasi ekani e’tiborga molikdir. Natijada, organizmda strukturaviy va funksional oqsillar paydo bo‘lmaydi va infeksiyalash qobiliyatiga ega bo‘lmagan yetilmagan viruslar hosil bo‘ladi.

Rutan preparatining afzalligi uning viruslarga qarshi qo‘llanilayotgan boshqa preparatlarga nisbatan toksiklik darajasi nihoyatda past ekani, davolash samarasi yuqoriligi va nojo‘ya ta’sirlari yo‘qligidadir.

«Rutan tabletkalari, 100 mg» preparatini qo‘llash COVID-19 kasalligidagi yallig‘lanish jarayonlarining asosiy mediatori bo‘lgan S-rekativ oqsilining sezilardi kamayishiga olib keldi va sinov natijalariga ko‘ra, davolash guruhidagi bemorlarining hech birida oksiginatsiya o‘tkazish talab etiladigan kritik holat rivojlanishi qayd etilmadi.

O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Bioximiya va biofizika instituti bilan hamkorlikda olib borilgan izlanishlar natijasida Rutan preparati kuchli antigipoksik, membranani barqarorlashtiruvchi, antiradikal, antioksidant xususiyatlarga ega ekanligi va uning terapevtik samaradorligi virusga qarshi faolligi bilan uyg‘unlashganligi munosabati bilan COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda preparatning samaradorligi yuqori bo‘ladi. Tadqiqotlar Rutan 100 mg. dori preparatini koronavirus infeksiyasi o‘rta og‘irlikda kechayotgan bemorlarga keng qo‘llashni tavsiya qilish mumkinligini ko‘rsatdi.

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA