O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov va Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixanov o‘rtasida videokonferensiya tarzida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik doirasida qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi muhokama qilindi va ularni ilgari surish bo‘yicha tadbirlar kelishib olindi.

Kimyo, neft-gaz, avtomobilsozlik, tibbiyot uskunalari va robototexnika, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, ilmiy-texnik va innovatsion sohadagi hamkorlik yo‘nalishlarida keng ko‘lamli loyihalarni hayotga joriy etish bilan bog‘liq barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash kerak, muhokama yakunida mutasaddi rahbarlarga tilga olingan masalalarni hal etish va tegishli loyihalarning amaliy ijrosini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.

Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash maqsadida yaqin kelajakda Tatariston Respublikasi Sanoat va savdo vazirligi hamda yirik kompaniyalar rahbariyati bilan manzilli muzokaralar olib borish uchun O‘zbekiston hududlariga tashrif tashkil etish borasida yakdil fikr bildirildi.

Uchrashuvda, shuningdek, mavjud loyihalarni ilgari surishni jadallashtirish hamda Tatariston va O‘zbekiston Respublikasi hududlari o‘rtasida ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.