2017–2021 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha «Harakatlar strategiyasi» doirasida mamlakatimizda izchil amalga oshirilgan islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatib, erishilgan natijalar «Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi»ga mustahkam poydevor bo‘ldi.

Qolaversa, amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosatdagi ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini ham ortishiga xizmat qilmoqda.

bugungi kunda jahonda, xususan mintaqamizda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqirozga qaramasdan, O‘zbekiston mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlab, xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida tashqi siyosiy faoliyat sohasida o‘zining asosiy prinsiplari, strategik maqsad va vazifalariga sobit qolib kelmoqda.

So‘nggi yillarda takomillashayotgan tashqi siyosatga oid milliy qonunchilik hamda  O‘zbekiston hukumati tomonidan belgilangan qat’iy siyosiy pozitsiyaga muvofiq, ya’ni boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, chegaralarning daxlsizligi, kuch ishlatmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish qoidalariga amal qilish, shuningdek hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlarini mamlakat hududida joylashishiga va harbiy xizmatchilarimizning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalar va harbiy mojarolarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi tamoyillarga asosan, O‘zbekistonning tashqi siyosati batamom yangi mazmun-mohiyatga ega bo‘ldi.

Ma’lumki, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi «Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2022–2026.strategy.uz hamda Hukumatning regulation.gov.uz portallarida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat «Taraqqiyot strategiyasi» va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» loyihasida «ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish»ga oid bir qator strategik maqsadlar va vazifalar belgilangan.

Xususan,  Taraqqiyot strategiyasida:

•        O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli sub’ekt sifatidagi rolini oshirish;

•        Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish;

•        An’anaviy hamkorlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish;

•        BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatni kuchaytirish;

•        Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish;

•        Jahon hamjamiyati auditoriyasida mamlakatimiz imijini oshirishga qaratilgan axborotlar yetkazish samaradorligini oshirish;

•        Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;

•        O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekistonning chet ellardagi fuqarolariga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish kabi aniq va muhim strategik maqsadlar o‘z aksini topgan.
Shuningdek, «Taraqqiyot strategiyasi»ni joriy «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid «yo‘l xaritasi» loyihasining ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish yo‘nalishi bo‘yicha ham qator dolzarb vazifalar belgilangan.

Jumladan, «yo‘l xaritasi»da Markaziy Osiyo davlatlari, an’anaviy hamkor va yetakchi mamlakatlar, shuningdek nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan aloqalarni yanada rivojlantirish, ular bilan muvozanatli va doimiy muloqot olib borish orqali mamlakat milliy manfaatlarini faol ilgari surish  nazarda tutilgan.

Qolaversa, O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishi bo‘lmish Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada jadallashtirish maqsadida oliy darajadagi muloqot va ikki tomonlama hamkorlikning barcha formatdagi mexanizmlaridan samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini har yili muntazam tashkil qilishni ta’minlash va ularda faol ishtirok etish hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, aniq chora-tadbirlar qatorida Qozog‘iston va Turkmaniston bilan chegaraoldi erkin savdo hududlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘llari loyihalarini jadallashtirish, qo‘shni davlatlarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi muxbirlik punktlarini ochish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish, MDH mamlakatlari bilan an’anaviy strategik hamkorlikni jadallashtirish, shuningdek Osiyo, Yevropa, Amerika, Afrika va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi strategik sheriklar va hamkorlar bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, BMT va uning muassasalari bilan turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston tashqi siyosatda iqtisodiy diplomatiya samaradorligini oshirish, jumladan, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bozoriga samarali kirish singari ustuvor vazifalar belgilangan.

Undan tashqari, O‘zbekistonning chet ellardagi fuqarolariga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish maqsadida xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarining qamrovini kengaytirish, yangi diplomatik vakolatxonalarni ochish, jahon sahnasida O‘zbekiston imijini ilgari surish hamda mamlakatdagi islohotlar va demokratik yangilash jarayonlari haqida xolis axborot tarqatishni samarali davom ettirish, xorijiy davlatlarda o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarimizni keng ommalashtirish, Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etish hamda «O‘zbekiston madaniyat kunlari»  kabi tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, «Harakatlar strategiyasi» doirasida tashqi siyosat yo‘nalishida amalga oshirilgan islohotlar, ayniqsa O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari bilan ahil qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash hamda yetakchi xorijiy davlatlar bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlari, shuningdek mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida milliy manfaatlarga asoslangan tashabbuslarni ilgari surilishi va ularning xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida O‘zbekistonning xalqaro maydonda obro‘si ortishi bilan birga, mintaqamiz ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylandi.

E’tiborlisi, joriy yilda O‘zbekistonning uchta nufuzli xalqaro tashkilot – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotlarida raislik qilishi, shuningdek mamlakatimizda mazkur tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirokida sammitlarning rejalashtirilayotganligi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati va ko‘p tomonlama diplomatiyasida yangi sahifa ochishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, hozirda jahon miqyosida kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi, global iqtisodiy inqiroz, ta’sir doirasi va tabiiy resurslar uchun tobora avj olayotgan mintaqalardagi geosiyosiy raqobat va mafkuraviy kurash sharoitida O‘zbekistonda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash hamda xalqaro maydonda o‘zaro manfaatli, ochiq va pragmatik tashqi siyosatni izchil olib borish, milliy manfaatlarni faol ilgari surish dolzarb ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida, «Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi»da belgilangan ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yo‘nalishidagi ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirish va strategik maqsadlar erishish alohida e’tiborga molikdir.

 

Farrux HAKIMOV,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i