O‘zbekistonning diqqatga sazovor tarixiy joylaridan biri – Samarqand shahridagi Registon maydoni minekraft video o‘yinida qayta tiklandi.

1417-1660 yillar mobaynida barpo etilgan Registon maydoni uchta madrasadan iborat.

“Reddit” foydalanuvchisi “Pkmnsar” Registon maydonini minekraft virtual olamida qayta yaratish uchun 15 milliondan ortiq raqamli blokdan foydalangan holda bir yildan ortiq vaqtini sarfladi.

Minekraft talqinidagi Registon dunyo me’morchiligining betakror namunalarini kengroq onlayn auditoriyaga yetkazishga qaratilgan “Madaniy mo‘’jizalar” nomli global turkumning bir qismiga aylandi.

Bundan oldin Kaleb Liu, Julien Denis va Sayhej Singx birgalikda Bolgariyadagi Aleksandr Nevskiy sobori va Vengriya parlamenti binosini piksel aniqligi bilan qayta yaratgan edi.

Endi ular boshqa foydalanuvchilardan minekraft platformasi yordamida binolarni yuklab olish va mustaqil ravishda o‘rganishni taklif qilmoqda.

Ushbu mutaxassislarning maxsus veb-saytida, jumladan, quyidagi mazmunga ega izohni o‘qish mumkin:

— Biz madaniy almashinuvga to‘sqinlik qiladigan har qanday to‘siqni yo‘ldan olib tashlashga intilyapmiz. Har oy biz hamma ko‘rishi mumkin bo‘lgan yangi interaktiv loyihalar, shuningdek, muayyan bino tarixi haqida qisqacha maqola chiqarishga harakat qilyapmiz. Yer yuzi bo‘ylab turli siyosiy nizolar yoki mintaqaviy beqarorlik tufayli ayrim hududlarga sayohat qilish qiyin va xavfli tus olmoqda. Shu sababli, biz bu muammoni shu tarzda hal etishga urinyapmiz.

 

Ulug‘bek Mahmirzayev