11 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan fojiali voqealar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi ommaviy axborot vositalari vakillariga sodir bo‘lgan fojiali voqealar bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Mamlakatdagi mavjud vaziyatni ayrim xorij ommaviy axborot vositalari biryoqlama talqin qilayotganini aytdi.

– Ayrim xorij ommaviy axborot vositalarida bu voqealarni yoritishda bir tomonlama yondashuv kuzatilyapti, – dedi Darxan Satibaldi. – Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) kuchlaridan foydalanish ham, rasmiylarning sodir bo‘layotgan voqealarga munosabati ham noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Aslida bo‘lib o‘tgan voqealar ko‘p qirrali edi. Sof iqtisodiy talablar bilan boshlangan namoyishlar terrorchi guruhlar tomonidan mamlakat konstitutsiyaviy tuzumiga putur yetkazish uchun foydalanilgan.

Elchi janoblari brifing ishtirokchilariga asl voqea qanday boshlanganiga ham munosabat bildirdi.

– 2022 yil 2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida suyultirilgan gazning chakana narxlari litri uchun o‘rtacha 60 tangadan 120 tangaga oshishiga qarshi namoyishlar boshlandi. Namoyishchilar ularni avvalgi darajaga tushirishni, qator ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishni talab qildi. Namoyishlar to‘lqini boshqa bir qator shaharlarga ham tarqaldi. Qozog‘iston Prezidenti gaz narxi oshishiga qarshi mitinglar vaqtida fuqarolarni provokatsiyalarga berilmaslikka chaqirdi.

Aksiya ishtirokchilari bilan muloqotni davom ettirish va yuzaga kelgan muammoga yechim izlash uchun Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Davlat komissiyasi tuzilib, namoyishchilar talablarini ko‘rib chiqish bo‘yicha respublika shtabi tashkil etildi. 4 yanvar kuni hukumat gaz narxini 50 tangaga tushirish choralarini ko‘rdi, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari, yoqilg‘i-moylash materiallari va kommunal xizmatlar narxlarini oshirishga moratoriy joriy qildi. O‘z navbatida, suyultirilgan gazni ulgurji sotuvchilar narx-navoni oshirishda o‘zaro til biriktirganlikda gumonlanib, ularga nisbatan tergov harakatlari boshlangan. 5 yanvar kuni davlat rahbari Qozog‘iston hukumatini iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu harakatlar kelishmovchiliklarni muloqot orqali hal qilishga intilishni namoyish etdi. Davlatimiz rahbarining jamoat tartibini saqlashga qaratilgan chaqiruvlariga qaramay, buzg‘unchi kuchlar bir qator yirik shaharlardagi norozilik namoyishlaridan vaziyatni keskinlashtirish, zo‘ravonlik harakatlarida foydalandi. Shu munosabat bilan Prezident butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etilishini e’lon qildi, – dedi elchi janoblari.

Brifingda qayd etilganidek, dastlab namoyishlarda ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy talablar qo‘yilgan. Keyinchalik tinch yo‘l bilan o‘tkazilgan namoyish hech qanday tushunarli talablar qo‘ymasdan, qurolli to‘qnashuvga aylangani, tinch aholi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid, shuningdek, strategik ob’ektlarda qo‘poruvchilik harakatiga aylangani haqida aniq ma’lumot berildi.

– Eng qiyin vaziyat Olmaota shahrida vujudga keldi. 5 yanvar kuni Olmaotada ma’muriy va harbiy ob’ektlarga hujumlar uyushtirilgan, aeroport egallab olingan, yo‘lovchi va yuk samolyotlari ushlab turilgan. Olmaota ichki ishlar departamenti binosi atrofidagi jang ikki kecha davom etdi. Mamlakatdagi vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Prezident Qosim-Jomart Toqayev Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashi raisi lavozimiga kirishdi. 6 yanvar kuni u mamlakatda milliy xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish hamda Qozog‘iston fuqarolarining hayoti va mulkini himoya qilishga qaratilgan aksilterror operatsiyasini boshlashga buyruq berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qilganlar orasida radikal guruhlar tarafida “qaynoq nuqtalar”da jangovar harakatlarda tajribaga ega bo‘lganlar ham bor. Tartibsizliklar bir vaqtning o‘zida respublikaning 11 viloyatini qamrab olgan, bu esa Olmaotada xavfsizlik choralarini kuchaytirishga imkon bermagan. Vaziyatni xolisona baholagan davlat rahbari Kollektiv xavfsizlik shartnomasining 2 va 4-moddalariga tayangan holda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlarga respublikadagi vaziyatni barqarorlashtirishga ko‘maklashish uchun tinchlikparvar kuchlarni yuborishni so‘rab murojaat qildi, – dedi elchi.

Elchi janoblari Qozog‘istondagi bugungi vaziyat va sodir etilgan ko‘ngilsiz voqea qurbonlari va yo‘qotishlar haqida ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, terrorchi guruhlarga qarshi harakatlar huquq-tartibot idoralari va Qozog‘iston Qurolli Kuchlari tomonidan olib borilmoqda.

– Afsuski, huquq-tartibot idoralari xodimlari va harbiy xizmatchilar orasida ham, tinch aholi orasida ham qurbonlar bor. Xavfsizlik kuchlari orasidagi yo‘qotishlar 16 nafar va yaradorlar 1 ming 300 nafardir. Jabr ko‘rganlarning umumiy soni aniqlanmoqda. Bu butun qozoq xalqi uchun juda katta fojia. Sodir bo‘lgan fojiali voqealar natijasida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Qozog‘iston Prezidenti 2022 yil 10 yanvarni umumxalq motam kuni, deb e’lon qildi. Qozog‘iston xalqining birdamligi, ular Prezident Qosim-Jomart Toqayevning tinch hayotni tiklash bo‘yicha qarorlari va harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotganini alohida ta’kidlash lozim, – deya ta’kidladi elchi Darxan Satibaldi.

Brifingda elchi janoblari O‘zbekiston rahbariyatiga ko‘rsatgan yordami uchun o‘z minnatdorligini bildirdi. 6 yanvar kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining telefon orqali muloqotida Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston xalqi va rahbariyatining mamlakatda barqarorlikni ta’minlashga intilishini doimiy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

– Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi nomidan Qozog‘iston –O‘zbekiston chegarasining yopilishi haqidagi yolg‘on xabarlarni rad etmoqchiman. Nazorat punktlari odatdagidek ishlagan va ishlamoqda. Havo qatnovi tiklanmoqda. Bugun Qozog‘istonda vaziyat barqarorlashgan. Mamlakat xavfsizligiga tahdidlarning oldi olindi. Aksilterror operatsiyasi doirasida jinoyatlarga aloqador shaxslarni aniqlash ishlari olib borilmoqda. Yaqin vaqt ichida dastlabki tergov yakunlanganidan so‘ng huquq-tartibot idoralari Qozog‘istonga nisbatan terrorchilik harakatlarining qo‘shimcha dalillarini taqdim etadi, – dedi brifingda elchi janoblari.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA