Ma’lumki, joriy yilning 7 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimizga kelgan xorijiy davlat fuqarosidan COVID-19ning yangi “Omikron” shtammi aniqlangani haqida xabar berildi. Ayni kunlarda yurtimizda karantin qoidalari kuchaytirilgan. Jamoat joylarida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi va «O‘zbekipaksanoat» uyushmasida ham Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan xodimlarga jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish borasida ogohlantirish va tushunchalar berildi.

Barcha tashkilot, korxona va muassasalarda, yirik savdo majmualari, supermarketlar, ko‘ngilochar muassasalarning kirish qismida niqobda bo‘lish, ijtimoiy masofani saqlash, tana haroratini o‘lchash amaliyotiga qat’iy rioya etilishi ta’minlanishi haqida ma’lum qilindi.

Aholini to‘liq emlash ishlari davom etishi, vazirlik va idora rahbarlari, tashkiliy shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlarda ishchilarning emlangandan so‘ng ish joylariga kiritishga ruxsat berilishi va mazkur tartibni buzgan tashkilot rahbarlariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qat’iy chora ko‘rilishi xususida tushunchalar berildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA