“Jo‘jani kuzda sanashadi”, ammo, kundalik gazeta va jurnallarga kim, qancha obuna bo‘ldi, degan muhim savolga qishning qoq o‘rtasida javob bersa, bo‘ladi…

Yangi yildan boshlab qo‘limizga kelib tushayotgan gazetalarning mutolaadan oldin, albatta, adadiga qur nazar tashlaymiz. Raqamlar, afsuski, kishini quvontirmaydi.

“Nega? Nima uchun?” degan savollar paydo bo‘laveradi.

Hayotdan boxabar bo‘lish – uni tushunish, kitob olamiga sayohat, bu – gazeta, jurnallar mutolaasidan boshlanadi. Gazeta, jurnallar – hayotimizning bir bo‘lagi.

35 million aholi istiqomat qilayotgan mamlakatning ko‘zga ko‘ringan gazetalarining yangi yildagi adadiga bir e’tibor qarating:

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi – 18715 nusxa;

“Xalq so‘zi” – 35742 nusxa;

“Ishonch”– 33839 nusxa;

“Hurriyat” – 5000 nusxa;

“XXI asr” – 3091 nusxa;

“Adolat” – 2175 nusxa;

“Oʻzbekiston ovozi” – 2010 nusxa;

“Maʼrifat”– 3276 nusxa

“Vatanparvar” –33552 nusxa ;

“Mahalla”  –  4500 nusxa;

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”  – 925 nusxa;

“Qishloq hayoti”  –  1600
nusxa ;

“Tong yulduzi”  – 1500 nusxa;

“Inson va qonun” –  4020 nusxa

Kundalik nashrlarga e’tibor zarurligi yaqqol ko‘zga tashlanib qolmoqda.

Matbuot – hukumat va oddiy xalq o‘rtasidagi ko‘prik.

Matbuot, bu – siz va bizga, turmush tarzimizni o‘zida ko‘rsatib turuvchi ko‘zgu…

Ochig‘i, ommaviy axborot vositalarining bugungi tezkor zamondan ortda qolib ketayotgan joyi yo‘q. Islohotlar tahlili, jamiyatning og‘riqli muammolari kundalik gazetalarda o‘z aksini topib borayotganini matbuotni kuzatayotgan kishi his etmasligi mumkin emas. Matbuotning jonlanishi, bu – jamiyatning, siz va biz yashab turgan ijtimoiy hayotning ham jonlanishi, demak. Agar kimdir OAVga sal teparoqdan turib qarayotgan, “hayotdan orqada qolib ketgan”, deya pessimistik fikr bildirayotgan bo‘lsa, bu ko‘proq o‘sha kishining shaxsiy qusuri. Sababi, bugun nashr etilayotgan gazetalarning aksariyatini mutolaa qilib, ketgan vaqtingizga achinmaysiz. Aksincha, kundalik matbuotda ko‘tarilayotgan masalalar gazetxonni ham o‘z girdobiga tortadi va hayotga hushyorroq nigoh bilan boqishga o‘rgatadi.

Hayot bilan hamnafas bo‘lish, yangiliklardan vaqtida boxabar bo‘lish, katta maqsadlar sari dadil qadam tashlashimiz uchun nigohimiz tushadigan, qo‘limiz yetadigan joyda gazeta-jurnallar bo‘lishini bugungi kun, davr taqozo etadi…

A.Narzullayev, O‘zA