bugungi gazetalarni o‘qib turib, mamlakat, mintaqa va dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalar bilan tanishasiz, dunyo o‘zgarayotganini, qaynoq jarayonlar ichida yashayotganimizni his etib turasiz.

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining bugungi sonini kuzatib, hayot yangi o‘zanlar tomon burilayotganini his etasiz. Davlat rahbari – Shavkat Mirziyoyevning Qosim – Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqoti, shuningdek, qurilish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va tabiiy gaz ta’minotiga oid loyihalar bilan tanishuviga bag‘ishlangan sahifa e’tiborni tortadi. Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan «Armiya va xalq – bir tanu bir jon», Prezident tashrifidan so‘ng ruknida berilgan «Bilimli, salohiyatli, vatanparvar yoshlar yangi O‘zbekistonning mustahkam qanotlari», 2022 yil – inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili turkumida berilgan «Yangi yil nomida Nur bor, mehr bor» kabi tahliliy maqolalarda bugungi kun nafasi ufurib turadi.

«Epidemiologik vaziyat yana hushyorlikka chorlaydi» sahifasi ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangraydi. Qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan «Asriy orzular otashida yongan hur fikrlig‘lar… Ulardan 120 nafar shaxsga oqlov hukmi e’lon qilindi» nomli sahifa esa armonga aylanayotgan umidlarning ro‘yobi haqida…

«Xalq so‘zi»ning bugungi sonini varaqlab, kun nafasini sezib, his etasiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 10 yanvar kuni qurilish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va tabiiy gaz ta’minotiga oid loyihalar bilan tanishganiga bag‘ishlangan sharh o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi. Mushohada ruknida berilgan «Bola tarbiyasiga nafaqat muayyan tashkilotlar, balki butun jamiyat mas’ul» maqolasida ham muhim masalalar ko‘tarilgan. «Yomon yo‘ldosh ravon yo‘lda ham g‘ov bo‘ladi» maqolasida karantin cheklovlariga amal qilmayotganlar haqida so‘z yuritiladi. Yana bir qancha maqolalar, jumladan, «Qonsiragan ilohlar» insoniyatga naf keltirmagan», «Qashqadaryolik yuridik texnikum bitiruvchilari nega universitetga yo‘llanma ololmadi?», «Havzalar ko‘p, biroq baliq kam…» maqolalari mavjud muammolar va jamiyatning og‘riqli nuqtalariga qaratilgani bilan gazetxonni bee’tibor qoldirmaydi.

“Hurriyat”ning yangi yildagi ilk soni jamoa o‘z oldiga o‘tgan yildagidan ham katta vazifalar qo‘yganidan dalolat beradi. «Ko‘zguga qachon qaraymiz?» yoki yana ona tilimizga beparvolik «kasalligi» haqidagi maqolada «hurriyat»chilar tilimizning bugungi mavqei – ahvoli haqida «bong» uradi. «Mavzu kerakmi?» – Yangi yil oqshomidagi o‘ylar ham sizni bee’tibor qoldirmaydi. «Maktabda… bolalar nashrlari bormi» nomli maqolani nafaqat maktab jamoasi, balki har bir ota-ona ham o‘qishi va uqishi lozimdek… «Kadastr mashinasi» maqolasidagi «qon bosimi yuqori bo‘lganlarga o‘qish tavsiya etilmaydi» izohi gazetxon oromini buzadi va maqola mutolaasiga kirishadi. Vaziyatga nazar ruknida Sobir Salimning «Sabablar, savollar, saboqlar» maqolasi qo‘shni Qozog‘istondagi voqealar sharhlangan. Atoqli navoiyshunos Vahob Rahmonovning «Ma’naviy loqaydlik yoki mutafakkir Alisher Navoiy asarlari nega pala-partish va xatolar bilan nashr etilgan?» maqolasi, Jasur Kengboyevning «Dollar» nomli hikoyasi maroq bilan o‘qiladi.

“Ishonch”da e’lon qilingan “OMIKRON… vahima qanchalik o‘rinli?” nomli maqolasi bugungi kunning eng muhim masalasiga bag‘ishlanadi. Maqolani o‘qib, o‘zingizni va ko‘pchilikni qiziqtiradigan bir qancha savollarga javob topasiz. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan «Bekor qilingan buyruq», «Zarar pullari undirildi», «Ular asossiz ishdan bo‘shatilgandi», «Tuya go‘shti yegan qurilish» kabi maqolalarni ham o‘quvchi e’tibor va qiziqish bilan o‘qiydi. Oddiy odamlar orasida ham, mutaxassislar bilan suhbatlarda ham nega O‘zbekistonimizning ayrim hududlarini tez-tez chang, g‘uborlar qoplab olyapti, degan savollar ko‘payib borayapti. Jurnalist Zuhro Asadovaning «Changli va Qumli bo‘ronlar nega KO‘PAYMOQDA?» nomli maqolasini o‘qib, ushbu savollarga javob olasiz. Qozog‘istondagi voqealarga “Ishonch”chilar ham alohida e’tibor qaratgani bugun kundalik gazetalarimiz tom ma’noda jamiyat ko‘zgusiga aylanib borayotganidan dalolatdir. Jahongir Nahanovning «Janaozenda boshlangan oqim qay o‘zanga burildi? Yoxud O‘zbekistonda Qozog‘istondagi voqealarga hech kim befarq emas» nomli maqolasi sizga qo‘shni davlatdagi vaziyatning asl sabablari haqida xabar beradi…

«Inson va qonun»ning bu galgi soni  eng xalqchil davlat idorasi – Adliya vazirligi organlari tashkil topganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan…

bugungi gazetalarni mutolaa qiling. Unda o‘tayotgan kunimizning ovozini, islohotlar nafasini his etasiz.

A.Narzullayev, O‘zA