O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyat muntazam ravishda kuzatib borilmoqda.

Mamlakatimizning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi elchixona, Olmaota va Aqtaudagi bosh konsulliklarda tezkor shtab tashkil etildi.

Qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa o‘rnatildi. Zarur holda tegishli yordam ko‘rsatilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozni kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan ta’minlandi.

Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining qarindoshlari va yaqinlari bilan aloqa o‘rnatishida tezkor yordam ko‘rsatilmoqda.

Olmaotadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzildi. Ular “ “Uzbekistan airways” kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Hozir Olmaota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.

O‘zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada bo‘lib turibdi. O‘zbekiston fuqarolari hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q.

Vazirlik eslatib o‘tadiki, mamlakatimiz fuqarolari o‘zlarini qiziqtirgan savol bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Nur-Sulton (telefon raqami: +7 771 020 36 73), Olmaota (telefon raqami: +7 777 950 44 33) va Aqtau (telefon raqami: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.

 

Tashqi ishlar vazirligi

 matbuot xizmati