Mutasaddi va mutaxassislar qo‘shilgan qiymat solig‘ini amaldagi 15 foizdan 12 foizgacha, telekommunikatsiya, bank va moliya kabi sohalarda foyda solig‘ini amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha tushirishni ko‘zlamoqda. Shuningdek, mamlakatdagi yillik inflyatsiya darajasini 9 foizga, 2023 yilga kelib esa 5 foizgacha tushurish, o‘z o‘rnida byudjet taqchilligini 3 foizga kamaytirish hamda bank tizimida xususiy sektor ulushini amaldagi 18 foizdan 60 foizgacha oshirishni reja qilishgan.

Strategiya loyihasidagi ana shu iqtisodiy rivojlanishning asosiy parametrlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi yig‘ilishda muhokama qilindi.

Tadbirda qayd etilganidek, loyihada belgilab berilgan rejalardan biri — bu aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotni 60 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 40 foizga oshirish orqali barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish maqsad qilingan.

Tadbirda kelgusida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish hamda ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va maqsadli amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini o‘rnatish zarurligiga ham e’tibor qaratildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA