O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar asosida Oliy sud rahbariyati yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirishdagi mavjud muammolarni aniqlash, qonuniy yechimini topish tadbirlarini ko‘rmoqda.

Oliy sud raisining farmoyishiga ko‘ra, Oliy sud sudyalari va sud apparati hamda ma’sul vazirlik va idoralar tomonidan biriktirilgan xodimlardan iborat tarkibda ishchi guruhi tuzildi.

Ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida mas’ul idoralar bilan birgalikda yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirishdagi mavjud muammolarni aniqlash, batafsil o‘rganish, natijalarni umumlashtirib, ularning qonuniy yechimlarini topish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan ish boshladi.

Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida o‘tkazilgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi va o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’muriy sudi raisi va sudyalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, adliya vazirligi, Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Kadastr agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, qurilish boshqarmasi, davlat soliq qo‘mitasi, qurilish vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Unda Oliy sud raisining o‘rinbosari X.To‘raxo‘jayev Qoraqalpog‘iston Respublikasida 46 mingdan ortiq uy-joyning kadastr hujjatlari yo‘qligi haqida gapirdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinib, kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ishchi guruh mas’ul idora va vazirliklar vakillari bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasida yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirishdagi mavjud muammolarni aniqlash, batafsil o‘rganish, natijalarni umumlashtirish, ularning qonuniy yechimlarini topish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan bevosita joylarga chiqib, o‘rganishlar olib bormoqda.

 

Kamal Tarixov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari