O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga bag‘ishlab Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan Nukus garnizonidagi markaziy sport majmuasi bazasida kuch tuzilmalari vakillari o‘rtasida sport musobaqasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Chegara qo‘shinlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirok etgan musobaqada jami 8 ta jamoa milliy va ommaviy sport turlari bo‘yicha kuch sinashdi.

Bellashuvlar qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘lgani, kuchli raqobat va do‘stona ruhda o‘tkazilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Sog‘lom turmush tarzini, milliy va ommaviy sport o‘yinlarini targ‘ib etishga qaratilgan musobaqada har bir ishtirokchi oxirgi soniyalarga qadar jamoa sha’nini himoya qilishga, g‘alabaga erishishga intildi.

Arqon tortish bellashuvida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning birinchi va ikkinchi jamoalari shohsupaning yuqori pog‘onalaridan joy olgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tosh ko‘tarish bahsida polvonlar 75, 85, 90 kilogrammgacha hamda 90 kilogrammdan yuqori vaznlilar o‘rtasida kuch sinashdi. Yuqori natijalar bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug jamoasi 1-o‘rinni, Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi jamoasi 2-o‘rinni va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 3-o‘rinni egalladi.

Voleybol bo‘yicha musobaqada Ichki ishlar vazirligi jamoasi shohsupadan joy olgan bo‘lsa, ikkinchi pog‘onaga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ko‘tarildi. Kuchli uchlikdan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug jamoasi joy oldi.

Mini futbol bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvda ham Ichki ishlar vazirligi jamoasining qo‘li baland kelib, g‘alabaga erishdi. Ikkinchi o‘rinni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug jamoasi hamda uchinchi o‘rinni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘yicha boshqarmasi jamoasi qo‘lga kiritdi.

Umumjamoa hisobida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug jamoasi shohsupaning 1-pog‘onasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2-pog‘onadan va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 3-pog‘onadan joy oldi.

Ishtirokchilarni tantanali taqdirlash marosimida do‘stona ruhda o‘tgan musobaqa kuch tuzilmalarining hamkorligini mustahkamlashga hissa qo‘shishi bilan ahamiyatli bo‘lgani aytildi.

G‘olib va sovrindorlar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan kubok, diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA