Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning 1 yanvaridan boshlab davlat xizmatlari markazida ichki ishlar bo‘limlari bilan bir vaqtda O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishni boshladi.

So‘nggi yillarda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilib modernizatsiya qilinmoqda. Bu esa aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirish va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish imkonini bermoqda.

Hozir DXMlar orqali 160 turdan ortiq xizmatlar ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 200 ga yaqin xizmatlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Nurafshon, Chirchiq va Ohangaron shahar Davlat xizmatlari markazlarida biometrik pasport va shaxsni tasdiqlovchi ID-karta berish joriy qilindi. 2022 yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich barcha davlat xizmatlari markazlarida ushbu imkoniyatni yaratish rejalashtirilgan.

Xizmatlar eksterritoriallik tamoyili asosida (ro‘yxatda turgan joyingizdan qat’iy nazar) taqdim etiladi. Bunda biometrik pasport berish uchun to‘lov miqdori BHMning bir baravariga teng, ya’ni ayni damda 270 ming so‘m (avval BHMning 1,2 baravari bo‘lgan).

A.Musayev, O‘zA.