Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, bank tizimiga raqamli texnologiyalarni tatbiq etish, transformatsiya  jarayonlari, yangi bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha strategik investorlar bilan hamkorlik bu hozirgi zamon talabi.

Bugun tez, oson, qulay, masofadan turib bank xizmatlaridan foydalanishni istaymiz. Bundan 5-6 yil avval kredit olish tugul plastik kartasidagi pulni naqdlashtirishningo‘zi ham muammo edi. Hozir borgan sari mobil telefon orqali bank xizmatlaridan foydalanish turi ham ko‘payib bormoqda.

Bank moliya bozorida erkin raqobat muhitini yaratish, xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar qiyosiy tahlili borasida O‘zA muxbiri Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti dotsenti Fozil Dodiyev bilan suhbatlashdi.

— So‘ngi 3 yilda O‘zbekistonda valyuta siyosati bilan bog‘liq ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi. Buni amalda ko‘rib xursand bo‘ldik. Lekin shunga qaramasdan valyuta kursi keskin o‘zgargani bilan odamlarning xarid qobiliyati oshmayapti.  Buni mutaxassis sifatida qanday izohlaysiz?

— Bundan 5 yil ilgari mamlakatimizda naqd pul yoki valyuta masalasi juda murakkab edi. Buni yashirishga hojat yo‘q. Eng qizig‘i, o‘z plastik kartangizdagi pulni naqdlashtirishda juda ko‘plab mashaqqatlarga duch kelinar edi. Yoki bo‘lmasa chet el valyutasini xarid qilish juda muammo edi. Prezidentimizning 2017 yil 2 sentyabrda qabul qilgan farmonlari bilan valyuta siyosati liberallashtirish natijasida bank tizimi tubdan isloh qilindi.  Avval mavjud bo‘lgan barcha cheklovlar bekor qilindi. Bugun esa valyuta yoki naqd pul bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q. Ta’bir joiz bo‘lsa, so‘ngi yillarda bank-moliya tizimidagi eng zo‘r natija bo‘ldi. 2019 yil  jismoniy shaxslar uchun valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd xorijiy valyuta sotuvi joriy etildi.

Endi valyutaning kursi haqiqiy bozor kursi bilan talab va taklif asosida aniqlanadi. Boshqa omillar, xususan ma’muriy omillar ta’sir qilmaydi. Hozir har qanday inson yoki korxona valyutani istagan bankidan erkin sotib olishi, sotishi mumkin. Bu o‘z-o‘zidan tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantiradi. Hozir xorijiy investorlar O‘zbekistonga qo‘rqmasdan kelyapti. Chunki ular olgan mablag‘ning foydasini chiqarib olib, keta oladi.

Valyuta kursining o‘zgarib ketishi, keskin oshib borishi bozorga bog‘liq. Agar bozorda har qanday tovarning miqdori oshsa u arzonlashadi. Demak biz bozorda talab bilan taklifni muvofiqlashtirishimiz kerak.

— Qanday muvozanatlashtirishimiz kerak?

— Agar o‘z-o‘zidan valyutani sotish kam bo‘lsa uning kursi ko‘tarilaveradi. Xorijiy valyutani ko‘paytirish uchun eksportni rivojlantirishimiz kerak. Agar eksportni rivojlantirsak, O‘zbekistonga ko‘proq valyuta kelsa, valyuta bozori ko‘p bo‘ladi. Buning natijasida valyutaning kursi ham barqarorlashadi.

Valyutaning oshishiga ta’sir qiluvchi yana boshqa omillar ham bor. Misol uchun Markaziy bankning monetar siyosati. Ya’ni, muomaladagi pul massasini jilovlab tursa, valyutani sotib olayotgan so‘m kamayadi. O‘zbekistonda valyuta kursiga ijobiy ta’sir qilayotgan narsalardan biri pul o‘tkazmalari. Bu ham valyuta kursining oshmasligiga yordam beradi. Eng asosiy masala to‘lov balansini yaxshi qilishimiz kerak. Eksportni ko‘paytirish va xorijiy davlatlardan ko‘proq investitsiya kirishini ta’minlasak, shundagina valyuta kursi oshmaydi.

— Milliy valyutaning qadrsizlanishiga nimalar sabab bo‘ladi?

— Milliy valyutamizning qadrsizlanishining oldini olish uchun eksport ham bitta omil, keyin inflyatsiya bilan bog‘liq. Inflyatsiya – bu narx barqarorligini ushlab turish. Inflyatsiya kuchaysa ham valyuta kursi tushib ketaveradi. Inflyatsiya darajasini ushlash uchun Markaziy bank javob beradi. 2019 yil qabul qilingan “Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunda Markaziy bankka narxlar barqarorligini ta’minlash, bank tizimining barqarorligini ta’minlash, to‘lov tizimining barqarorligini ta’minlash kabi vazifalar qo‘yilgan.

Demak, Milliy valyutaning qadrsizlanishini jilovlash uchun birinchi navbatda Markaziy bank javob beradi. Inflyatsiyaning yuzaga kelishiga 2 xil omil bor. Birinchisi, monetar omillar, ikkinchisi pul massasining ko‘payishi bilan bog‘liq. Qayta moliya stavkasini ozroq ko‘paytirib qo‘ysangiz, pul massasi kamayadi. Lekin nomonetar faktorlar bor. Nomonetar faktorlarga Markaziy bank ta’sir qila olmaydi.

Misol uchun, “O‘zbekenergiya” elektr energiyaning narxini oshirdi. Buni Markaziy bank ko‘tarma, deya olmaydi. Energiyaning narx ko‘tarilganidan keyin hamma narsaning narxi ko‘tariladi. Buning natijasida narxlar oshib ketadi. Endi nomonetar faktorlarni kamaytirish uchun eng muhim narsalardan bittasi respublikamizda monopoliyalarni tugatish kerak.

bugungi kunda O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatga olingan monopoliya 135 tani tashkil etadi. Bundan tashqari boshqa sun’iy monopoliyalar bor. Misol uchun, uchta korxona kelishib yuqori narxni ushlab turadi. O‘ylaysiz, bozorda 3  korxona ishlaydi, deb. Ular narxni ushlab turibdi. Qolganlar ham ulardan ko‘rib, narxni ko‘taradi. Shu sababli mamlakatimizda monopoliyaga chek qo‘yishimiz kerak.

— O‘zbekiston tijorat banklaridagi kredit foiz stavkalari hamda Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida tafovut juda katta. Qozog‘iston banklaridagi kreditning foiz stavkalari 8-9 foizni tashkil etsa, Rossiyada bu ko‘rsatkich 5 foiz. O‘zbekistonda esa 21-26 foizni tashkil etmoqda. Nima uchun bizda kredit foizlari yuqori?

— Juda o‘rinli savol berdingiz. Bu juda ko‘pchilikni jumladan, tadbirkorlarni qiynayotgan muammo hisoblanadi. Bu masala Markaziy bankni ham o‘ylantirib qo‘ygan. Agar kredit foiz stavkasi tushsa, tadbirkorlar ishlab chiqarishni kengaytiradi. Lekin ikkinchi tomoni ham bor. Birinchidan, iqtisodiyotda makroiqtisodiy barqarorlik. Agar inflyatsiya darajasi yuqori bo‘lsa, tadbirkorlar, odamlar qiyin ahvolga tushib qoladi. Narx-navo oshib ketadi. Tadbirkor investitsiya kiritishga qiziqmaydi. Chunki samaradorlik pasayib ketadi. Qo‘ygan pulini qaytarib ololmaydi.

Shuning uchun Markaziy bank birinchi navbatda inflyatsiyani tushirishi kerak. Buning uchun qayta moliya stavkasini ko‘taribroq turish kerak. Bizda inflyatsiya darajasi 11,1 foiz bo‘lsa, qayta moliya stavkasi 14 foiz. Qozog‘istonda inflyatsiya darajasi 7,4 foiz, qayta moliya stavkasi 9 foizni tashkil etadi.

Inflyatsiya tushaverganidan keyin, qayta moliya stavkasi ham tushadi. Yaqinda Prezidentimizning farmoni bilan Markaziy bankka 2023 yilga borib inflyatsiya darajasini 5 foizga tushirish vazifasi qo‘yilgan. Hozirda Markaziy bank shu masala ustida ishlayapti. Agar 2023 yilga borib inflyatsiya darajasi 5 foizga tushsa, qayta moliya stavkasi ham tushadi. Buning natijasida foiz stavkasi ham tushadi.

— Keling, tijorat banklarini Rossiya, AQSHning tijorat banklari bilan emas, qo‘shni Qozog‘istonning tijorat banklarining ayrim ko‘rsatkichlari bilan taqqoslasak. bugungi kunda O‘zbekistondagi tijorat banklarining kapitallashuvi darajasi Qozog‘iston banklari bilan qanchalik tafovut qiladi? Banklar kapitallashuviga nima to‘sqinlik qilyapti?

— Statistikaga qarasak, O‘zbekistondagi tijorat banklaridagi kapitallashuv darajasi o‘sgan. Lekin Qozog‘istondagi tijorat banklarining kapitallashuvi yuqori. Nima uchun? Ko‘p narsa YAIMga bog‘liq. 2020 yil yakuni bo‘yicha Qozog‘istonda YAIM 169,8 milliard dollarni tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatgich 57,7 milliardni tashkil etdi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, Qozog‘istonda YAIM ko‘rsatkichi qariyb 2,7 barobar ko‘p. Bunaqa vaqtda albatta kapitallashuvi darajasi ularda yuqori bo‘ladi. Chunki mijoz boy bo‘lmasa, banklar boy bo‘lmaydi. Yoki ikkinchi ko‘rsatkichni olib qaraydigan bo‘lsak, Qozog‘istonda aholi jon boshiga YAIM 9ming 55 dollarni tashkil etyapti. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 1 ming 685 dollar. Aytish joiz, har bir odam iste’molidan ortiqcha mablag‘ni jamg‘aradi va uni kapitalga aylantiradi. Bizda jon boshiga kam mablag‘ ajratilgani tufayli odamlarimizda kapitallashuvga mablag‘ yetishmaydi. Shu boisdan bank tizimi real iqtisodiy sektor bilan bog‘liq. Mamlakatimizdagi tadbirkorlar, aholi boy bo‘lsagina, banklarimiz ham boy bo‘ladi.

— Navbatdagi savolimiz ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘layotgan masalaga qaratilgan. Ya’ni, xalqaro amaliyotda davlat qarzi bo‘yicha Maastrixt shartnomasi talablari qo‘llanilmoqda. Unga ko‘ra, davlatning jami qarzi YAIMga nisbatan 60 foizidan oshmasligi kerak. Shunda davlatning tashqi qarzi YAIMga nisbatan 30 foizdan oshmasligi kerak. Bizda hozir davlatlarning tashqi qarzi YAIMga nisbatan necha  foizni tashkil etyapti?

— To‘g‘ri so‘nggi vaqtlarda mamlakatimizning tashqi qarzi mutaxassislar tomonidan keng muhokama bo‘lyapti. Aytish joiz, keyingi vaqtlarda tashqi qarzimiz xalqaro me’yorlardan keskin oshib ketmagan bo‘lsa ham ammo tashqi qarzimizning o‘sish suratlari yuqori bo‘ldi. Maastrixt shartnomasi yevro hududga kiruvchi davlatlar uchun o‘rnatilgan. Unga ko‘ra, davlatning qarzi YAIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak. Lekin uning 30 foizi ichki qarz bo‘lishi kerak 30 foizi tashqi qarz bo‘lishi kerak. Yevro zonasidagi davlatlar esa juda rivojlangan davlatlar hisoblanadi.

Endi bundan ham rivojlangan davlatlar bor. Dunyoning eng rivojlangan davlati bu AQSH. Shunga qaramasdan dunyoda eng katta qarzi bor davlat ham AQSH hisoblanadi. Adashmasam, AQSHning tashqi qarzi 20 trilliondan ham oshib ketdi. Bu YAIMdan ham oshdi.

Dunyoda eng ko‘p tashqi qarz olgan davlat bu Xitoy hisoblanadi. Eng katta qarz va dunyoni tahlikaga solayotgani shu. Ikkinchi qarzi katta davlatlardan bittasi Yaponiya. Ammo Yaponiyaning qarzi boshqacharoq. Yaponiyaning qarzi YAIM nisbatan adashmasam 200 foizdan oshadi. Bu davlat asosiy qarzni ichkaridan olgan.

Endi O‘zbekistoning tashqi qarzini olib qarasak, 2020 yilning 1 yanvarida 33,8 milliard ekan. Bu umumiy davlat qarzi. Xususiy sektor qarzi bor, umumiy sektor qarzi bor. Ko‘pchilik buni adashtiradi.  Davlat qarzi 1 yanvar holatiga ko‘ra, 21 millardan oshadi. Bu YAIMning 36 foizi atrofida. Lekin bizning ichki qarzimiz ham bor. Ichki qarzimiz 2,2 milliard AQSH dollari atrofida. Bu YAIMning 4 foizini tashkil etadi. Agar ikkovini qo‘shsa YAIMning 40 foizi atrofida bo‘ladi. Lekin bizning ichkaridan qarzimiz kam, tashqi qarzimiz bir oz ko‘p.

Olingan tashqi qarz bo‘yicha menda ma’lumot yo‘q. Lekin olingan qarzlar nafaqat ijtimoiy sohalarga, balki O‘zbekistonda ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratishga ham sarflansa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Misol uchun chekka qishloqlarga gaz, svetni yaxshilasak, o‘sha yerlarga sanoat kirib boradi. Bu mamlakat iqtisodiyotini rivojlantiradi. Yoki ilmiy texnikasi yuqori bo‘lgan mahsulotni yaratishda davlat ko‘maklashib, moliyalashtirsa, uning samaradorligi yuqori bo‘ladi.

 

O‘zA muxbiri 

Shahnoza MAMATUROPOVA 

suhbatlashdi