FOTOREPORTAJ

Farg‘ona vodiysining o‘ziga xos ob-havosi, shifobaxsh tabiiy ma’danli suvlari ming dardga davo, deydilar. Shu bois, har yili Farg‘ona tumanining tog‘oldi Chimyon qishlog‘idagi sihatgohlarda o‘n minglab odamlar dam olib, sog‘lig‘ini tiklaydi.

Yangi yilning dastlabki kunlari Qoraqalpog‘istonning bepoyon dalayu dashtlarida mehnatdan qo‘li qavargan fidoyi dehqonlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislaridan qirq nafari Farg‘onaga dam olish uchun keldi. Ular Kegeyli va Chimboy tumanlarida tashkil etilgan agroklasterning fermer va xizmatchilaridir.

Mehmonlar Marg‘ilon temir yo‘li vokzalida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Ularga farg‘onacha chopon, do‘ppi kiydirildi.

– Chimyonning tarkibida serovodorod bo‘lgan suvlari ta’rifini eshitganmiz, – deydi Jarliqosim Berdimurodov. – Chimboy va Kegeylida mana ikki yildirki, farg‘onalik dehqonlar bilan yelkama-yelka mehnat qilyapmiz. Ilgari hosildorlik pastligiga tuproq sharoiti, suv yetishmovchiligi, tabiiy iqlim sabab, deb hisoblardik. Farg‘onalik dehqon va mutaxassislar fikrimizni mutlaqo o‘zgartirib yubordi. Agar ilgari har gektaridan o‘rtacha 21-22 sentnerdan paxta hosili olgan bo‘lsak, 2021 yilda farg‘onacha usulni qo‘llab, hosildorlikni o‘rtacha 26 sentnerga ko‘tardik.

Agroklasterdagi 12 ming gektarning 800 gektarida tomchilatib sug‘orishni joriy etgan edik. Bu yil esa yana 1400 gektarda suvni tejovchi texnologiyani qo‘llaymiz. Ekin maydonlari 100 foiz kuzgi haydovdan chiqarildi. Yaxob berish, sho‘r yuvish barcha maydonni qoplaydi. 2-3 yildan so‘ng agroklaster to‘liq tomchilatib sug‘orishga o‘tadi. Ayni chog‘da paxtani chuqur qayta ishlash to‘qimachilik korxonalari qurilyapti. Zamonaviy yog‘-moy korxonasi ham ishga tushadi. Xullas, farg‘onalik dehqonlar turmush tarzimizni o‘zgartirishda, daromadimiz orttirishda, mutlaqo yangicha dehqonchilik madaniyatini shakllantirishda katta hissa qo‘shyapti. Ularning taklifi bilan qoraqalpoq fermerlari Farg‘onada dam oladi.

Shu kuniyoq qoraqalpog‘istonlik mehmonlar Chimyon sihatgohlariga joylashtirildi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA