O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari jurnalistlar nigohida” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining ijrosi yuzasidan joylarda jamoatchilik nazoratini ta’minlash” loyihasi g‘olib bo‘lgan edi.

Loyiha uch bosqichdan iborat bӯlib, uning birinchi bosqichida dasturlarning ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan keng kӯlamli ishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritib borish maqsadida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari jurnalistlar nigohida” tanlovi e’lon qilindi. Hakamlar hay’ati tomonidan Qoraqalpog‘iston radiosining muharriri Inkar Pirimbetova, Amudaryo televideniyesi direktori G‘ulomjon Yeshniyozov, “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasining muxbiri Guloyim Saparova, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha sharhlovchisi Dovud Abibullayev g‘olib deb topildi.

G‘oliblarni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, loyiha rahbari K.Reymov qutlab, ularga diplom hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

O‘zA