Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlari narxlarini manipulyatsiya qilish, ularga bo‘lgan sun’iy tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirish holatlarining oldini olish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 18 ta dehqon bozori, 1 ta qurilish bozori va 3 ta buyum bozori va savdo komplekslari faoliyat yuritib kelmoqda. Dehqon bozorlaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida barcha bozorlarda qishloq xo‘jaligi yarmarkalari tashkil qilinib, departament, soliq organlari va monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari biriktirilgan. Yarmarkalarda 593 ta dehqon, fermer va tadbirkorlik sub’ekti jalb qilindi.
Joriy yilda narxlar mo‘’tadilligini saqlash maqsadida jami 910 tonna kartoshka, 565 tonna piyoz, 443 tonna sabzi, 118 tonna tovuq go‘shti, 917 ming dona tuxum, 177,7 tonna mol go‘shti, 63,5 tonna shakar, 516 tonna o‘simlik yog‘i, 737,5 tonna paxta yog‘i va 1951 tonna boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi kuzatilayotgan bozorlarga intervensiya qilindi.
Tashkil qilinayotgan yarmarkalarga ko‘shimcha ravishda yirik importyorlar biriktirilib, o‘simlik yog‘i va shakar mahsulotlari arzon narxlarda sotilishi yo‘lga qo‘yildi. Birgina, Nukus shahar dehqon bozorida tashkil qilingan arzonlashtirilgan rastalarda “Nukus standart commerce” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan import qilingan o‘simlik yog‘ining 1 litri 18300 so‘mdan kunlik sotilishi yo‘lga qo‘yilib, bir kunda o‘rtacha 1 tonnagacha o‘simlik yog‘i sotilmoqda.
Qish-baxor oylarida aholiga oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi jamg‘arilishi borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi bo‘yicha “Nukus Dilisha”, “Qiyat”, “Medasiatex Cluster”, “Claster Behruz Jahangir” va “NIGORA-MAHINA” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari biriktirilgan bo‘lib, ularga 3379 tonna zaxira jamg‘arish rejasi berilgan. Hozirda omborlarda 1830 tonna kartoshka jamg‘arilgan hamda qolgan qismini olib kelish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 15-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi sharoitida respublika aholisiga davlat resurslari hisobiga un mahsulotlarini tizimli va kafolatli yetkazib berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayonining 2-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida 5 ta don korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan un mahsulotlarini aholiga kafolatli yetkazib berish ishlari ham nazoratga olingan. Xususan, joriy yilning dekabr oyida dislokatsiyaga kiritilgan 536 ta, shundan 273 tasi unni qayta ishlovchi, 261 tasi aholiga yetkazib beruvchi tadbirkorlar hamda 3 ta ijtimoiy soha vakillari tomonidan 3018,0 tonna un mahsuloti don korxonalaridan olinib, aholiga yetkazib berildi.
– Bayram arafasida mahsulotlar shaharliklar dasturxoniga arzon va sifatli yetkazib berilmoqda, – deydi mehnat faxriysi Rustem Dao‘letmuratov. – Narx-navolar bozorlarga nisbatan ancha arzon. Yangi yil bayrami arafasida davlatimiz tomonidan aholiga yaratilayotgan bunday qulayliklardan minnatdormiz.
Bozorlarda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining asossiz oshib ketishining oldini olish borasida qat’iy nazorat o‘rnatilib, tizimli ishlar olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA