Poytaxtimizda “Yil ayoli”, “Gender tenglik faoli” va “Nafosat” milliy ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan faol ishtirokchilarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tashabbusi bilan Gender tenglikni ta’minlash masalalari komissiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda har sohada faol, iqtidorli xotin-qizlar hamda respublikamizda gender tenglikni ta’minlashda namuna bo‘layotgan vazirlik va idoralarning 40ga yaqin ishtirokchilari tanlov nominatsiyalari bo‘yicha qimmatbaho esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan tantanali taqdirlandi.

— “Yil ayoli” milliy tanlovi joriy yilda Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi, — deydi Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova. — Tanlov orqali mamlakatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oila va farzand tarbiyasida ibrat, o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan tizim nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni jamoatchilikka yaqindan tanishtirish, ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish, professional salohiyati, ishbilarmonlik, raqobatbardoshlik sifatlari va bilim darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsad qilingan. Bu yilgi ilk tanlovda 25 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan xotin-qizlar hamda uy bekalari ishtirok etdi.

Ilk marotaba o‘tkazilgan “Yil ayoli” ko‘rik-tanlovi 3 bosqichda tashkil etildi. Hakamlar Nizomga muvofiq ishtirokchilarni o‘z faoliyati, tillarni o‘zlashtirish darajasi, jamiyatda tutgan o‘rni, faolligi, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan xabardorligi va ularni amaliyotda qo‘llay olishi hamda tashabbuskorligi kabi mezonlar asosida baholadi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rin Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-son Otorinolaringologiya kafedrasi mudiri, Tibbiyot fanlari doktori, dotsent Mahzuna Nasriddinovaga, ikkinchi o‘rin Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Dilfuza Sharopovaga, uchinchi o‘rin Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahri, “Mevazor-Saodat” ishlab chiqarish kooperativi boshlig‘i Saodat Nizomovaga nasib qildi.

“Gender tenglik faoli” milliy tanlovi g‘oliblari ham tantanali taqdirlandi.

Oliy Majlis Senati Kengashining 2021 yil  22 apreldagi qaroriga muvofiq yuqori palataning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tanlovda yil yakunlari bo‘yicha gender tenglikni ta’minlash sohasida yuqori natijalarga erishgan, ushbu yo‘nalishda jamiyat rivoji yo‘lida tashabbus ko‘rsatayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, o‘z sohasiga tegishli yo‘nalishlarda dolzarb vazifalarni amalga oshirayotgan vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, hokimliklar, tadbirkorlik sub’ektlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tanlovning mohiyati har bir tashkilotda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan siyosatni shakllantirish, faoliyatga gender yondashuvlarni joriy etish, gender tenglikka erishish masalalariga jamoatchilik e’tiborini keng jalb qilish, turli tuzilmalar faoliyatiga gender tenglikni singdirish, ilg‘or tajribalarni aniqlash va umumlashtirish hamda ularni keng targ‘ib qilish orqali jamiyatda xotin-qizlar va erkaklar teng huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iborat.

Mazkur tanlov natijalariga ko‘ra, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol huquqni muhofaza qiluvchi organ” — Adliya hamda Ichki ishlar vazirliklari, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol davlat organi” —  Mudofaa vazirligi, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hokimlik” —  Samarqand viloyati hokimligi, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tashkilot” — Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol NNT”  — “To‘maris” ayollar va yoshlar markazi, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tadbirkorlik sub’ekti” — “Shovot tekstil” MCHJ, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi radio dastur” — Qoraqalpog‘iston teleradiokanali Bosh muharriri Gulnaz Nurbekova, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan Internetdagi eng yaxshi veb-sayt” — “O‘zsanoatqurilishbanki” sayti, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan Internetdagi eng yaxshi axborot portal” — Human.uz axborot portali jurnalisti Nargiza Yunusova g‘olib deb topildi va taqdirlandi.

“Nafosat”. Ushbu tanlov o‘z nomiga monand ravishda turli tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarning kiyinish uslubini yanada takomillashtirish, ular o‘rtasida milliy va zamonaviy, mentalitetimizga mos liboslarni keng targ‘ib qilish, xotin-qizlarning kiyinish madaniyatiga yangi uslub va tamoyillarni joriy qilish maqsadida tashkil etilgan. Tanlov ikki bosqichda, 4 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasida dizaynerlik faoliyati bilan kamida bir yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.

Milliy va zamonaviy, mentalitetimizga mos liboslarni keng targ‘ib qilish, xotin-qizlarning kiyinish madaniyatiga yangi uslub va tamoyillarni joriy qilishda faol qatnashgan bir qator ishtirokchilar asosiy va qo‘shimcha nominatsiyalarda g‘olib deb topildi hamda taqdirlandi.

Mazkur tanlovlarning har biri yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish va yanada rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu kabi e’tibor va e’tirof xotin-qizlarimizga yanada motivatsiya berib, yangi g‘oya va tashabbuslar sari ruhlantirishi shubhsiz.

Muhtarama Komilova, 
O‘zA