Xushxabar
Yoxud o‘zbek olimlarining O‘zbekiston klaster tizimi haqidagi asari yetti tilda chop etildi
Shu yili Germaniyada “Cotton-Textile Cluster — losomotive of the economic development” («Paxta-to‘qimachilik klasteri — iqtisodiy taraqqiyot lokomotivi») kitobi ingliz tilida chop etilgan edi.
Mazkur asar O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, respublikada xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, iqtisodiyot fanlari doktori, senator Murtazo Rahmatov hamda akademik, biologiya fanlari doktori, professor Bakridin Zaripov boshchiligidagi mualliflar guruhining ijod mahsulidir.
Unda mamlakatimizda so‘nggi besh yilda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish borasidagi yangilanishlar haqida batafsil hikoya qilinadi. Kitobda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita g‘oyasi asosida amaliyotga klaster tizimi joriy etilib, qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirish va chuqur qayta ishlashning “zanjirli usuli” yaratildi. Bu esa o‘tgan juda qisqa vaqt ichida sohani taraqqiyot sari yetaklovchi “drayver”ga aylandi. Ayniqsa, klasterlar tomonidan amaliyotga tatbiq etilayotgan yangi g‘oyalar, innovatsiya va nou-xaular agrar sektorni sanoatlashtirish, qishloq mehnatkashlarining hayot darajasini yuksaltirishga xizmat qilyapti.
Yurtimiz agrosanoat jabhasidagi bunday sifat o‘zgarishlari paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati misolida nafaqat matn, balki tasvirlar, infografikalar, diagrammalardan yordamida keng ochib berilgan. Bu esa O‘zbekistonning klaster tizimiga jahon hamjamiyati qiziqishini yanada oshirmoqda. Mazkur kitob jahonning 80 dan ortiq mamlakatlarida sotilgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Kuni kecha ushbu asarni chop etgan “LAMBERT Academic Publishing” xalqaro ilmiy nashriyotidan xushxabar keldi. Unda aytilishicha, “Cotton-Textile Cluster — losomotive of the economic development” kitobi nemis, ispan, fransuz, italyan, portugal, rus tillariga ham tarjima qilib, qayta nashr etildi. Natijada mazkur iqtisodiy asarni Lotin Amerikasi, Yevropa, Rossiya va boshqa bir qancha davlatlar aholisi o‘z ona tilida o‘qishga muvaffaq bo‘ldi.
— Biz uchun bu kutilmagan yangilik, Yangi O‘zbekiston xalqiga o‘ziga xos Yangi yil bayrami sovg‘asi bo‘ldi, — deydi kitob muallifi, professor Murtazo Rahmatov. — Quvonarli tomoni shundaki, ushbu asar orqali dunyo hamjamiyati Prezident Shavkat Mirziyoyevning elni farovon, xalqni boy qilishdek ezgu maqsadga yo‘g‘rilgan klaster g‘oyasi mazmun-mohiyatidan yaqindan xabardor bo‘lishmoqda. O‘zbekistoning noyob tajribasi bilan tanishib, Yangi O‘zbekiston va bu yerdagi qulay biznes muhiti, investorlarga yaratib berilgan imkoniyatlar haqida yaxlit tasavvur hosil qilyapti. Zero, “Cotton-Textile Cluster — losomotive of the economic development” kitobi chet ellik ishbilarmonlar, investorlar, ekspertlar, davlat va nodavlat sektor vakillari uchun mamlakatimizdagi o‘zgarishlarga oid zarur ma’lumotlarni olishlarida muhim manbaga aylanmoqda. Bu, o‘z navbatida, davlatlar o‘rtasida nafaqat iqtisodiy hamkorlikni, balki «xalq diplomatiyasi»ni rivojlantirishga ham muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi, degan umiddamiz.
“LAMBERT Academic Publishing” xalqaro ilmiy nashriyoti mas’ul xodimi Yelena Barbaning ma’lum qilishicha, asarni boshqa tillarga tarjima qilish borasida ishlar davom ettirilmoqda.
Gap shundaki, ommaviy axborot vositalari, amazon.com, libri.de, morebooks.de, umbreit.de, knigozal.com kabi yirik internet do‘konlari, shuningdek, kitobxonlar talablariga muvofiq, xitoy va arab tillariga ham o‘girilmoqda. Ular ham tez orada o‘quvchilar qo‘liga yetib boradi.
Binobarin, “Cotton-Textile Cluster — losomotive of the economic development” kitobi “LAMBERT Academic Publishing” xalqaro nashriyotning eng ko‘p sotilayotgan adabiyotlari ro‘yxatidan joy olgani Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan inqilobiy o‘zgarishlarning yuksak e’tirofi, klaster g‘oyasini dunyo tan olayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir.
O‘zA