Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida ushbu tumanda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “OMEGA TREYD BIZNES” mas’uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslari 2020 yil yakuni bo‘yicha davlat soliq inspeksiyasiga soliq hisobotlarini qasddan topshirmasdan, jami 1418,9 million so‘mlik soliq to‘lovini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 5 maydagi “Naqd pul mablag‘larini bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talabini qo‘pol ravishda buzgan. Jumladan, nazorat kassa mashinasidan foydalanmasdan, 2020 yilda xarid qilingan likvidli tovarlar savdosidan tushgan 5136,3 million so‘m naqd  pullarni  bankka topshirmasdan, juda ko‘p miqdorda savdo qoidalarini buzganligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan “OMEGA TREYD BIZNES” mas’uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlar jinoiy javobgarlikka tortildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA