Toshkent 11 kun mobaynida jahon og‘ir atletikasining markazi sifatida o‘z salobatini namoyish etib turdi.
Kecha, 86-jahon chempionatining so‘nggi kunida dunyo og‘ir atletikachilari – erkaklar +109 kilogramm, ayollar bo‘lsa +87 kilogrammda medallar uchun kurashdi.
Kutilganidek, erkaklar o‘rtasidagi bahslarda gruziyalik Lasha Talaxadze hech kimga imkon qoldirmadi. E’tiborlisi, gruziyalik sportchi musobaqaning oltin medallarini qo‘lga kiritish bilan birga, o‘zining amaldagi jahon rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Dast ko‘tarish mashqida u 225 kilogramm (avvalgi rekord 223 kg.) toshni bo‘ysundirgan bo‘lsa, siltab ko‘tarish mashqida 267 kilogramm (avvalgisi 265 kg.) natija qayd etib, ikki kurashda ham jahon rekordini 2 kilogrammga yangiladi.
Ayollar o‘rtasidagi kurashlarda esa Janubiy Koreya, Tailand va Buyuk Britaniya sportchilari ikki kurashdagi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Jahon chempionatining yakuniy hisob-kitoblariga ko‘ra, ikki kurash natijasiga binoan Janubiy Koreya vakillari 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza bilan 1-o‘rinni, 2 ta oltin va 3 ta bronzaga ega chiqqan vakillarimiz 2-o‘rinni, tailandliklar 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, dast va siltab ko‘tarish, ikki kurash bo‘yicha medallar jamg‘arishda ham Janubiy Koreyalik sportchilar 21 ta, O‘zbekiston 14 ta, Tailand vakillari 12 ta medalga musharraf bo‘ldi.
Ahamiyatlisi, yurtimiz mezbonligida o‘tgan jahon chempionati mamlakatimiz terma jamoasining 2024 yilgi olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik yo‘lidagi muhim qadami bo‘lish bilan bir qatorda, 17-19 yoshli sportchilarni katta sport maydoni “havosi”dan bahra olishga yetarli shart-sharoit yaratdi. Bundan tashqari, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutaxassislari uchun ushbu chempionat doirasidagi ishlar katta sport anjumanlarini o‘tkazish borasidagi tajribasini oshirishga xizmat qildi.
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida mazkur jahon chempionatida eng yaxshi natijalarni qayd etgan jamoalar, sportchi va murabbiylar, musobaqa hakamlarini taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilari, dunyoning 74 mamlakati og‘ir atletika terma jamoalari vakillari, murabbiylar, milliy federatsiya rahbarlari ishtirok etgan tantanali marosimda musobaqa har jihatdan yuqori saviyada tashkil etilganligi, bu jahon og‘ir atletikasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgani e’tirof etildi.
– Tailanddan keldik. Ochig‘i, chempionat bu darajada chiroyli o‘tadi, deya tasavvur qilmagandim. O‘zbekistonning go‘zalligi, Toshkentning tinch va osudaligi, ko‘cha va xiyobonlarining charog‘onligi, oddiy insonlarning bir-biriga bo‘lgan hurmati, ayniqsa chet elliklarga bo‘lgan ehtiromidan xursand bo‘ldim. O‘zbekiston xalqi dunyo xalqlarini mehr-oqibat, yaxshilik, samimiylik tuyg‘ulari bilan birlashtiruvchi yuksak qalbli insonlar ekanligiga guvoh bo‘ldik. Toshkent xotiralari bir umr yodimizdan chiqmaydi, – deydi jahon chempionatida ayollar o‘rtasida 49 kilogramm vaznda chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan Surodchana Kxambao.
Taqdirlash marosimi jarayoni tom ma’noda tili, irqi, dini, qarashlari turfa bo‘lgan insonlarning jipsligi, hamjihatligi bayramiga aylanib ketdi. O‘zbek, korets, rus, ukrain, ingliz, fransuz, ispan, arab, turk, hind, yapon, arman, gruzin tillarida tilaklar bildirildi, qo‘shiqlar yangradiki, og‘ir atletika bo‘yicha yakunlangan 86-jahon chempionati taassurotlari, uning shirin xotiralari, natijalari, rekordlari hali uzoq vaqt dunyoning turli burchaklarida, shaharlarida, oilalarida eslanadi.
Mazkur jahon chempionatining yana bir muhim jihati shundaki, 11 kun mobaynida xalqaro media olamda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bir qator jahon sport telekanallari o‘z dasturlarida jahon chempionatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etdi. Uni yuz minglab tomoshabinlar bevosita kuzatib bordi.
Toshkent – jahon og‘ir atletikachilarininggina emas, dunyo xalqlarini yaqinlashtiruvchi, do‘stlashtiruvchi maskan sifatida yod etiladi. Bu, sport-tinchlik, do‘stlik elchisi ekanligining yorqin ifodasi emasmi?!
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA