Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasining asosiy mazmuni va mohiyatini keng xorijiy jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi. Unda xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari S.Otamurodov, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari S.Niyozxo‘jayev va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov 2017- yil xalq bilan yaqindan muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratilgan yil bo‘lganiga alohida e’tibor qaratdi. Bu tizimning asosi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning o‘ziga xos demokratik instituti sifatida amalda o‘zini oqlamoqda.
Ana shu qabulxonalarga bir yarim milliondan ziyod fuqaro murojaat qilgani va yillar davomida hal etilmagan muammolar ijobiy yechilgani O‘zbekistonda xalq hokimiyati amalda keng joriy etilayotganini ko‘rsatmoqda. Joylarda rahbarlarning yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tezlik bilan bartaraf etish yuzasidan shaxsiy javobgarligi kuchaygani mazkur tizimning muhim natijasi bo‘ldi.
– Prezidentimizning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oyasi asosida mamlakatimizda xalq bilan muloqotning o‘ziga xos tizimi yaratildi, – deydi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev. – Xalq bilan muloqotning bunday keng ko‘lamda joriy etilgani avval amaliyotda uchramagan tizimdir.
Shu jihatdan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi faqat parlamentga emas, balki butun xalqimizga murojaati bo‘ldi. Bu juda keng ko‘lamli, tom ma’nodagi xalqchil ma’ruza xalq bilan muloqot qilishning yana bir o‘ziga xos shakli bo‘ldi.
Murojaatnomadan keyin turli soha va kasb egalari, oddiy fuqarolar unga munosabatini bildirdi va bu jarayon hali davom etmoqda. Buning boisi unda hayotimizda mavjud bo‘lgan yutuq va kamchiliklar ro‘y-rost bayon qilingani, kelgusida amalga oshirish zarur bo‘lgan vazifalar aniq qo‘yilgani bilan bog‘liq.
Murojaatnoma yangi uyg‘onish davri boshlanganidan darak berdi. Shuning uchun ham bu nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo jamoatchiligining e’tiborini tortdi.
Tadbir ishtirokchilari islohotlar inson manfaatlariga qaratilgani bilan ahamiyatga ega ekani, ularni amalda ta’minlash bugungi kunning vazifasi ekanini ta’kidladi. Bu jarayonda jamoat nazorati instituti imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, qonun ijodkorligi borasida ko‘p ish qilish, qabul qilinayotgan qonunlarning ta’sir kuchini oshirish, aholiga eng zarur bo‘lgan sog‘liqni saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida ta’sirchan mexanizmlardan foydalanish zarur. “Mening fikrim” veb-portali yaratilishi joylardagi aholini qiziqtirayotgan va qiynayotgan muammolarni aniqlash va hal etishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyotida mamlakatimizga jalb qilinadigan investitsiyalar oqimini kuchaytirish muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida xorijiy davlatlardagi elchixonalar faoliyati tubdan takomillashadi.
Anjumanda 2018- yilgi Davlat dasturi loyihasining keng muhokamasi bilan bog‘liq masala bo‘yicha axborot berildi. Qisqa vaqtda aholidan 4,5 mingga yaqin fikr-mulohaza va takliflar kelib tushgan. Bu 2017- yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasi jarayonidagiga nisbatan uch barobar ko‘pdir. 2018- yilning 20- yanvarigacha bo‘lgan muddatda jamoatchilik muhokamasi natijalari va kelib tushgan takliflar tahlili asosida Davlat dasturining takomiliga yetkazilgan loyihasi tasdiqlash uchun kiritiladi.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.